Jahon | 09:09 / 16.01.2026
3921
4 daqiqa o‘qiladi

“Eronda 800 ta qatl to‘xtatildi”: Oq uy Trampning bayonotini izohladi

Oq uy AQSh prezidenti Donald Trampning “AQSh bosimi ostida Eron 800 ta qatlni amalga oshirmadi” degan da’vosini izohladi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt bu haqda payshanba kuni, 15 yanvarda bayonot berdi.

Foto: Stringer/Getty Images

“Prezidentga ko‘ra, bugun 800 ta qatl to‘xtatildi, ular rejalashtirilgan edi va kecha (14 yanvar — tahr.) amalga oshirilishi kerak edi”, — dedi Livitt. Shu bilan birga, u Oq uy rahbarida bunday ma’lumot qayerdan paydo bo‘lganini aniq aytmadi.

Donald Tramp avvalroq “juda muhim manbalar” unga Eronda qatllar to‘xtatilishini aytganini iddao qilgan edi. Livitt qo‘shimcha qilishicha, AQSh prezidenti vaziyat rivojini kuzatishda davom etyapti va barcha harakat variantlarini ko‘rib chiqish imkonini ochiq qoldirmoqda.

Al Hadath telekanali avvalroq Eron hukumati Iroq bilan chegara hududida havo hududini yopishga farmoyish berganini xabar qildi. Dpa agentligi bildirishicha, bu xabarlar AQSh tomonidan ehtimoliy havo zarbasi bo‘lishi mumkinligi haqida turli taxminlarni kuchaytirgan. Oq uy matbuot kotibining aytishicha, “prezident Tramp nima qilishini faqat o‘zi biladi”, uning rejalaridan esa maslahatchilarning juda kichik guruhigina xabardor.

Bundan oldin, 14 yanvar kuni, Eron sud hokimiyati rahbari G‘olyam Husayn Mohseni-Edjyei noroziliklar chog‘ida ushlangan 18 000 kishiga nisbatan sud jarayonlarini tezlashtirib o‘tkazish va ularning bir qismiga o‘lim jazosi tayinlash kerakligini aytgan edi. Shu bilan bir vaqtda, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chi Fox News'ga bergan intervyusida Eron hokimiyatida “umuman odam osish rejasi yo‘q”ligini ta’kidlagan.

AQShda joylashgan HRANA huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda davom etayotgan tartibsizliklar vaqtida kamida 544 kishi halok bo‘lgan va 10 600 dan ortiq odam ushlangan.

Eronda namoyishlar 2025 yil 28 dekabr kuni boshlangan. O‘sha kuni Tehronda do‘kon egalari iqtisodiy vaziyat yomonlashganiga e’tiroz sifatida savdo nuqtalarini yopgan. Keyinroq aksiyalarga boshqa yirik shaharlar aholisi ham qo‘shilgan.

30 dekabrda namoyishchilar bilan politsiya o‘rtasida ilk to‘qnashuvlar bo‘lgani va kuchishlatar tuzilmalar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagani haqida xabarlar tarqalgan. Oradan ko‘p o‘tmay, aksiyalar siyosiy tus oldi: ishtirokchilarning bir qismi Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyga daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan shiorni aytgan — “Diktatorga o‘lim”. Norozilar siyosiy rejim almashishini va muhojirlikda yashayotgan valiahd shahzoda Rizo Pahlaviyning hokimiyatga kelishini talab qilmoqda.

Eron iqtisodi esa 40 foiz atrofidagi inflatsiya va G‘arb sanksiyalari sabab qiynalmoqda.

AQSh prezidenti 2 yanvar kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida tinch norozilik bildiruvchi odamlarga qarshi o‘q uzilsa, AQSh aralashishi haqida ogohlantirgan.

Keyinroq chiqishlar tartibsizliklarga aylangan. Tehron shahri hokimi Alirizo Zakaniy 9 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan noroziliklar vaqtida 50 dan ortiq bank va bir necha davlat muassasasi yoqib yuborilgani, shuningdek, 30 dan ortiq masjid yong‘inda vayron bo‘lganini ma’lum qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid