Jahon | 13:42
2299
4 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti besh yilga qamaldi

Janubiy Koreyada sud juma kuni, 16 yanvarda, mamlakatning sobiq prezidenti Yun Sok Yolni besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Hukm 2024 yil dekabr oyida uning harbiy holat joriy etishga urinishi bilan bog‘liq bir qator ayblovlar asosida chiqarilgan.

Foto: AP

Seul markaziy okrug sudi Yunni prezident qo‘riqlash xizmatini ishga solib, harbiy holat e’lon qilinishi holatlari bo‘yicha tergov doirasida sud tomonidan qonuniy berilgan hibsga olish orderining ijro etilishiga to‘sqinlik qilganlikda aybdor deb topdi.

Televizor orqali jonli namoyish etilgan sud majlisi davomida sud sobiq prezidentni, shuningdek, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va harbiy holat joriy qilish uchun qonun talab qiladigan majburiy tartib-taomillarga rioya qilmaslikda ham aybdor deb topdi.

Bu — Yunga nisbatan harbiy holat joriy etishga omadsiz urinishi munosabati bilan qo‘zg‘atilgan sakkizta jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan ilk sud qaroridir. Raislik qiluvchi sudyaga ko‘ra, ayblanuvchi prezident lavozimini suiiste’mol qilgan va qonuniy sud qarorlarining ijro etilishiga yo‘l qo‘ymaslikka uringan.

“Ayblanuvchi prezident sifatidagi ulkan ta’sirini suiiste’mol qilib, xavfsizlik xizmati xodimlari orqali qonuniy orderlarning ijro etilishiga to‘sqinlik qildi, amalda Koreya Respublikasiga sadoqatli davlat xizmatchilarini xavfsizligi va manfaati uchun go‘yo ‘shaxsiylashtirib’ oldi”, — dedi sudya.

Sud hukmi e’lon qilinganidan so‘ng darhol sud binosi oldida chiqish qilgan advokat Yu Jon Xva himoya tomoni apellyatsiya berish niyatida ekanini bildirdi. Uning aytishicha, sud qarori “siyosiylashtirilgan tarzda” qabul qilingan.

Alohida bir sud jarayonida Yunga harbiy holat yetarli asoslarsiz e’lon qilingani bilan bog‘liq isyon tashkil qilish ayblovi qo‘yilishi mumkin, bu bo‘yicha unga hatto o‘lim jazosi tahdid qilishi ehtimoli bor. Yunning o‘zi esa prezident vakolatlari doirasida harakat qilganini va muxolifat partiyalari hukumat ishini to‘sib qo‘yayotganiga e’tibor qaratishni ko‘zlaganini aytadi.

Yun sud hukmi chiqarilgan ayblovlarni rad etdi. Tergov versiyasiga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar oyida u o‘z rezidensiyasida bekinib olgan va xavfsizlik xizmatiga tergovchilarni kiritmaslikni buyurgan. Shu bois unga 10 yilgacha qamoq jazosi tahdid qilgan.

Oqibatda u ikkinchi urinishda, 3000 dan ortiq politsiyachi ishtirokida ushlangan. Bu Janubiy Koreya tarixida amaldagi prezidentning hibsga olinishi bo‘yicha ilk holat bo‘lgan.

Mamlakat parlamenti, Yunning konservativ partiyasidan bo‘lgan ayrim deputatlar qo‘llab-quvvatlagan holda, uning harbiy holat haqidagi farmonini bir necha soat ichida bekor qildi, keyin esa unga impichment e’lon qilib, vaqtincha hokimiyatdan chetlatdi.

Yun o‘tgan yil aprel oyida konstitutsiyaviy sud qarori bilan lavozimidan batamom chetlatildi: sud u prezident majburiyatlarini buzgan, degan xulosaga keldi. Reuters agentligi qayd etishicha, harbiy holatning amal qilish muddati taxminan olti soat bo‘lganiga qaramay, bu qadam Janubiy Koreyada shok uyg‘otgan — u Osiyoning to‘rtinchi yirik iqtisodiyoti, AQShning xavfsizlik sohasidagi asosiy ittifoqchisi va uzoq vaqt davomida dunyodagi eng barqaror demokratiyalardan biri deb hisoblangan mamlakatdir.

Mavzuga oid