Jahon | 11:45 / 16.01.2026
1778
3 daqiqa o‘qiladi

“Shimoliy oqimlar”: Germaniyada ukrain fuqarosi hibsda qoldirildi

“Shimoliy oqim” gaz quvurlaridagi portlashlar ishi bo‘yicha gumonlanuvchi Ukraina fuqarosi Sergey K. Germaniyada hibsda qoladi. Germaniya Federal sud palatasi (BGH) payshanba kuni, 15 yanvarda ayblanuvchining apellyatsiyasi rad etilganini ma’lum qildi.

Foto: Danish Defense Ministry/Xinhua/picture alliance

Sergey K. Nord Stream ishi bo‘yicha asosiy gumonlanuvchi deb hisoblanadi. Dpa agentligi yozishicha, u gaz quvurlarini portlatish operatsiyasini muvofiqlashtirgan, degan taxmin bor. Germaniya federal prokuraturasi uni portlashlarni sodir etishda sheriklikda qatnashganlikda va konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qo‘poruvchilik faoliyatida ayblamoqda.

BGH bosh prokuror yurisdiksiyasiga kiruvchi jinoyat sodir etilgani bo‘yicha kuchli gumonlar mavjudligini, shuningdek, qochib ketish xavfi sabab Sergey K.ni hibsda ushlab turish uchun asoslar borligini tasdiqladi. Qaror 2025 yil 10 dekabr kuni sudning uchinchi jinoyat ishlari palatasi tomonidan qabul qilingan.

AFP agentligi ta’kidlashicha, Germaniya hududiy yurisdiksiyaga ega, chunki ishdan chiqqan quvurlar Germaniya hududida tugagan. Bundan tashqari, jinoyat GFRning ichki xavfsizligini zaiflashtirishga qaratilgan bo‘lib, alohida ahamiyatga ega.

Sergey K. 2025 yil 21 avgustga o‘tar kechasi San-Klemente (Rimini viloyati)dagi rezidensiyada qo‘lga olingan. U qo‘lga olingandan keyin karabinerlar ijaraga olingan turar joyni tintuv qilgan. 20 avgust kuni kechqurun italiyalik politsiyachilar 49 yoshli gumonlanuvchi kelishini kutgan va hibsga olishni rejalashtirgan. Rezidensiya egasi va xodimlar so‘roq qilingan, tergovchilar aytishicha, ular erkakni oilasi bilan dam olishga kelgan oddiy xorijlik, deb o‘ylagan.

Germaniya hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, Sergey K. 2022 yil sentabrda Daniyaga qarashli Bornxolm oroli yonidagi Boltiq dengizida “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim — 2” quvurlariga portlovchi moddalar qo‘ygan guruh tarkibida bo‘lgan. Tergovchilar fikricha, portlovchi moddalarni tashish uchun u va sheriklari Rostok portidan dengizga chiqqan yelkanli yaxtadan foydalangan.

Rossiyadan Germaniyaga olib boradigan Boltiq dengizidagi “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim — 2” gaz quvurlarining to‘rt tarmog‘idan uchtasi 2022 yil sentabr oyi oxirida portlatilgan. O‘sha paytda ular orqali gaz uzatilmagan. “Shimoliy oqim” portlashlardan sal oldin Rossiya tomonidan to‘xtatilgan, “Shimoliy oqim — 2” esa Rossiyaning Ukrainaga hujumi fonida umuman ishga tushirilmagan.

ShO-2ning bir tarmog‘i omon qolgan. Hodisadan keyin RF prezidenti Vladimir Putin o‘sha tarmoq orqali gaz uzatishni taklif qilgan, ammo Germaniya rad etgan. Gaz quvurlaridagi portlashlar uchun hech kim javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Rossiya vakillari esa bu ishga AQSh va Buyuk Britaniya aloqador bo‘lishi mumkin, deb shubha bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid