Jamiyat | 08:50
1588
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida qalbaki pul muomalasi fosh etildi

Yangihayot tumanida fuqaro R.T. tanishining ishonchiga kirib, 4 tonna pomidor yetkazib berish bahonasida 4 000 AQSh dollarini qo‘lga kiritgani, keyin esa mablag‘ni qaytarmaslik maqsadida qalbaki 4 000 dollar bergani aniqlandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- va 176-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangihayot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro R.T. (muqaddam sudlangan) tanishi M.X.ning ishonchiga kirib, unga 4 tonna pomidor yetkazib berishi evaziga 4 000 AQSh dollarini qo‘lga kiritib, ushbu mablag‘ni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, R.T. keyinchalik pullarni qaytarmaslik maqsadida 100 AQSh dollarlik kupyuradagi qalbaki 4 000 AQSh dollarini M.X.ga bergan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid