O‘zbekiston | 17:41
1459
1 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy paqildoq va salyut otishning jazosi kuchaytirildi

Bunday huquqbuzarlik uchun amalda 2,4 mln so‘mdan 7 mln so‘mgacha jarima bor. Yangi qabul qilingan va uch oydan keyin kuchga kiradigan qonun asosida, eng kam jarima 7,1 mln so‘m, eng ko‘pi esa 11,8 mln so‘m bo‘ladi. Bengal chiroqlari, qarsildoq va tortlar uchun kichik fontanlar kabi I xavf sinfiga mansub pirotexnika vositalariga ruxsat beriladi: ularni ishlab chiqarish, olib kirish, sotish va foydalanish mumkin.

Foto: Kun.uz

13 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti “Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Unga ko‘ra, pirotexnika buyumlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquqbuzarlik ashyosini musodara qilish bilan birga qo‘llanadigan ma’muriy jarima miqdori BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha deb belgilandi. Amalda bu jarima BHMning 5 baravaridan 20 baravarigacha edi.

Yangi qonunda pirotexnika buyumlari xavflilikning 4 ta sinfiga bo‘lingan.

Xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini (bengal chiroqlari, qarsildoq, tortlar uchun kichik fontanlar) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, O‘zbekiston hududiga olib kirish, tashish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Xavflilikning II–V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlari esa taqiqlanadi.

Qonun 2026 yil 14 apreldan kuchga kiradi.

Mavzuga oid