Jahon | 08:51 / 17.01.2026
1497
4 daqiqa o‘qiladi

Polsha to‘rt ukrain va bir rossiyalikni diversiyalarda aybladi

Polshada to‘rt nafar Ukraina fuqarosi va bir nafar Rossiya fuqarosiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ular YeI mamlakatlari va Buyuk Britaniyaga o‘zidan o‘zi yonuvchi (yondiruvchi) posilkalar yuborishga aloqador bo‘lishi mumkin.

Foto: Colourbox/S. Gnatiuk

Polsha milliy prokuraturasi aviayuk tashish infratuzilmasiga qarshi diversiya harakatlari bo‘yicha ish doirasida to‘rt nafar Ukraina fuqarosi va bir nafar RF fuqarosiga ayblov qo‘ydi. Bu haqda idora saytida juma kuni, 16 yanvarda xabar qilindi. Gap pochta orqali tashish jarayonida yoki saralash-tranzit markazlarida yong‘in chiqaradigan posilkalarni yuborish haqida ketmoqda.

Ayblovlar Polsha jinoyat kodeksining Rossiya maxsus xizmatlari topshirig‘i bilan diversiya tayyorlash, portlovchi yoki yonuvchan moddalardan foydalanish va mulkni yo‘q qilish, shuningdek samolyot halokatiga sabab bo‘lishga urinish haqidagi moddalariga tayanadi. Bu ehtimoliy harakatlarning barchasi terroristik deb tasniflangan. Ayblanuvchilarga umrbod qamoq jazosi tahdid qilmoqda.

Tergovchilar aniqlashicha, 2024 yil iyun–avgust oylari oralig‘ida ayblanuvchilar DPD va DHL kabi kurerlik xizmatlari orqali yondirish qurilmalari niqoblangan vositalar, shuningdek yonuvchan va portlovchi moddalar bo‘lgan posilkalarni tayyorlab, jo‘natgan. Bu moddalar kundalik maishiy buyumlar ichiga, jumladan massaj yostiqchalari va kosmetika vositalari qutilariga yashirilgan. Posilkalar Vilnyusdan Varshava, London, Birminhem, shuningdek AQSh va Kanadaga yuborilgan.

Press-relizda aytilishicha, diversiyalar oqibatida yuk konteynerlari, fura uchun bitta tirkama va kurerlik yetkazib berish xizmati orqali jo‘natilgan ko‘plab posilkalar zarar ko‘rgan, bu esa logistika va sug‘urta kompaniyalariga katta moliyaviy zarar yetkazgan.

Polsha tomoniga ko‘ra, diversiyalarning maqsadi — YeI va Buyuk Britaniyaning logistika hamda aviayuk tashish infratuzilmasini izdan chiqarish, shuningdek Ukrainadagi urush munosabati bilan jamoatchilik va siyosiy kayfiyatga ta’sir o‘tkazish bo‘lgan.

Tergov davomida yana bir Rossiya fuqarosi — Yaroslav M.ga nisbatan ham shunga o‘xshash ayblov qo‘yish uchun yetarli dalillar to‘plangani aytilgan. U milliy va xalqaro qidiruvga berilgan. Polsha hokimiyati uni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovni Ozarboyjonga yuborgan.

Avvalroq, 13 yanvar kuni Germaniyada ham ikki nafar ukrainga RF topshirig‘i bilan diversiya tayyorlaganlik aybi qo‘yilgan edi. Tergov versiyasiga ko‘ra, Vladislav T. va Daniil B. logistika yo‘nalishlari haqida ma’lumot to‘plash maqsadida Kyolndan Ukrainaga GPS-trekerlar solingan posilkalar jo‘natgan, keyin esa shu yo‘nalishlar bo‘ylab portlovchi qurilmalar bo‘lgan posilkalarni yuborishni rejalashtirgan.

Bu posilkalar yo‘lda portlashi kerak bo‘lgan, jumladan ehtimol Germaniyaning o‘zida ham — “imkon qadar ko‘proq zarar yetkazish va aholidagi xavfsizlik hissini zaiflashtirish” uchun, deyiladi Germaniya federal prokuraturasi bayonotida.

Idora Vladislav T. va Daniil B.ga nisbatan Shtutgart shahridagi oliy yer sudiga (Higher Regional Court) josuslik, diversiya tayyorlash va o‘t qo‘yish maqsadida til biriktirish bo‘yicha ayblov taqdim etgan. Bu ishdagi uchinchi gumonlanuvchi — Yevgeniy B. yaqinda Shveytsariyadan Germaniyaga ekstraditsiya qilingan va u ham, ehtimoliy sheriklari kabi, sudga qadar hibsda saqlanmoqda. Yaqin vaqt ichida unga ham ayblov qo‘yilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid