Jahon | 14:28 / 17.01.2026
2936
2 daqiqa o‘qiladi

Shmixal: Ukrainada Rossiya zarbalaridan zarar ko‘rmagan elektr stansiyalari qolmadi

Ukrainada Rossiya armiyasi zarba bermagan birorta ham elektr stansiyasi qolmadi, dedi energetika vaziri Shmixal. Faqat o‘tgan yili RF mamlakatdagi energetika obektlariga 600 martadan ortiq hujum qilgan.

Foto: Vladyslav Musiienko/AP Photo/dpa/picture alliance

Ukrainada Rossiya zarbalaridan zarar ko‘rmagan elektr stansiyalari qolmaganini yangi energetika vaziri Denis Shmixal juma kuni, 16 yanvarda Oliy radada chiqish qilib ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya armiyasi Ukraina energetika tizimiga qarshi “612 ta maqsadli hujum” amalga oshirgan, natijada “minglab megavatt generatsiya ishdan chiqqan”.

Shunga qaramay, “Suspilne” ukrain nashri vazir so‘zlarini keltirib yozishicha, energetika tizimi butunligicha saqlanib qolmoqda, biroq elektr iste’moliga jiddiy cheklovlar joriy etilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, eng og‘ir vaziyat Kiyev shahri va Kiyev viloyatida, shuningdek Odessa, Dnipropetrovsk, Xarkiv hamda frontga yaqin barcha viloyatlarda saqlanib qolmoqda. Umuman, mamlakat bo‘yicha elektr ta’minoti holatini Shmixal “murakkab” deb atagan.

Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi va Energetika vazirligi “energetik Ramshtayn”ni chaqirish niyatida, deb xabar qildi Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibixa 15 yanvar kuni Facebook sahifasida. Uning aytishicha, TIV Yevropa ittifoqchilari bilan energetika infratuzilmasini tiklash uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish ustida ish olib bormoqda.

Kiyevda o‘tgan hafta va joriy haftadagi Rossiyaning keng ko‘lamli zarbalaridan keyin shaharning katta qismi elektr ta’minoti va issiqliksiz qolgan. 15 yanvar kuni taxminan 300 ta ko‘p qavatli uyga elektr uzatilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid