Jahon | 11:03
2053
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Grenlandiya sabab bojlar joriy etish bilan tahdid qildi

Grenlandiya AQShga milliy xavfsizlik uchun kerak, dedi prezident Tramp va orol ustidan AQSh nazoratiga qarshi bo‘lganlarga boj joriy etish bilan tahdid qildi. Bu izoh AQSh Kongressining ikki partiyadan iborat delegatsiyasi Kopenhagenga tashrifi vaqtida yangradi.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonning Grenlandiyaga nisbatan da’volarini qo‘llab-quvvatlamaydigan davlatlarga nisbatan bojlar joriy etishi mumkinligini bildirdi. AQSh yetakchisi bu bayonotni juma kuni, 16 yanvarda Oq uyda berdi. “Agar davlatlar (AQShni Grenlandiya masalasida — tahr.) qo‘llab-quvvatlamasa, men ularga nisbatan bojlar joriy qilishim mumkin, chunki Grenlandiya bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Shunday ekan, men shunday qilishim mumkin”, — deb ta’kidladi Tramp. U o‘zini “bojlar qiroli” deb ham atadi.

Grenlandiya haqidagi bu izoh AQSh Kongressining ikki partiyadan iborat delegatsiyasi keskinlikni pasaytirish maqsadida Kopenhagenga tashrif buyurgan bir paytda aytildi.

Avvalroq Germaniya Arctic Endurance (“Arktika matonati”) deb nomlangan missiya doirasida Grenlandiyaga bundesverning razvedka guruhini yuborgan. Bundesver askarlari “Daniya taklifiga binoan” NATOdagi hamkor davlatga harbiy ko‘mak ko‘rsatish imkoniyatlarini, xususan dengiz kuzatuvi sohasida o‘rganmoqda. Daniya rahbarligidagi ushbu missiyada Fransiya, Shvetsiya va Norvegiya askarlari ham ishtirok etmoqda.

Avvalroq, 14 yanvar kuni Vashingtonda Daniya va Grenlandiya tashqi ishlar vazirlari — Lars Lekke Rasmussen va Vivian Motsfeldt AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Devid Vens (Jyey Di Vens) hamda davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuv o‘tkazgan. Maslahatlashuvlar natijasiz yakunlangan.

Motsfeldt, xususan, Oq uy bilan hamkorlikni kuchaytirishni istashini, ammo Grenlandiya AQSh nazoratiga o‘tib qolishini xohlamasligini aytgan.

Grenlandiya — Daniyaning avtonom hududi. Orol Daniya tarkibida NATOning bir qismi hisoblanadi. Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya AQSh milliy xavfsizligi, shuningdek Arktika mintaqasi xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Oq uy rahbari ta’kidlashicha, u yerda Rossiya va Xitoy faolligi kuchaygan. Tramp versiyasiga ko‘ra, orol rejalashtirilayotgan AQSh raketaga qarshi mudofaa tizimi — “Oltin gumbaz” (Golden Dome)ni yaratish uchun ham muhim.

Avvalroq AQSh prezidenti Vashington Grenlandiya ustidan nazoratni “qanday bo‘lmasin” qo‘lga kiritishi kerakligini aytgan edi. Oq uy esa AQSh armiyasini Grenlandiyani “qo‘shib olish” uchun ishga solish Donald Tramp uchun oliy bosh qo‘mondon sifatida “variantlardan biri” ekanini ma’lum qilgan. Ekspertlar fikricha, Arktikadagi mazkur hudud atrofidagi ziddiyat NATOni bo‘lib yuborish xavfini tug‘dirmoqda.

Mavzuga oid