Jahon | 15:22 / 19.01.2026
2845
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Suriya rahbari ash-Shar’aning tashrifiga qarshi aksiyalar o‘tkaziladi

Germaniyada bir nechta faollar guruhi Suriyaning yangi rahbari Ahmad ash-Shar’aning 19–20 yanvar kunlariga rejalashtirilgan safariga qarshi norozilik aksiyalarini e’lon qildi. Bu haqda yakshanba, 18 yanvar kuni dpa agentligi xabar berdi.

Foto: AP

Aksiyalarning biri 19 yanvar kuni kunning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan. Norozi fuqarolar “Ahmad ash-Shar’a — Mers taklif qildi, biz esa ayblaymiz” shiori ostida federal kansler idorasi binosidan Brandenburg darvozalarigacha yurib borishni rejalashtirgan, u yerda miting bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, yana bir aksiya ham o‘tkazilishi kutilmoqda.

Kutilishicha, Ahmad ash-Shar’a Berlinda GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer va kansler Fridrix Mers bilan uchrashadi. Shuningdek, dasturda Germaniyaning siyosiy doiralari va biznes vakillari bilan muzokaralar ham bor. Muzokaralarning asosiy mavzusi suriyalik qochqinlarning vatanga qaytishi bo‘lishi kerak.

Ash-Shar’aning kelishiga qarshi, avvalo, Germaniyadagi Suriyadan kelgan qochqinlar orasidagi diniy va etnik ozchiliklar vakillari chiqish qildi. Ular ash-Shar’a boshchiligida hokimiyatga kelganlar ta’qibi sabab Suriyadan qochib kelgan. Bu — xristianlar, yozidlar, dorziylar, kurdlar va alaviylar.

Kurdlar alohida ravishda ash-Shar’ani hukumat kuchlari va IIV hozir Halab viloyatida kurd qo‘shinlariga qarshi olib borayotgan kuch ishlatish amaliyoti uchun tanqid qilyapti.

Fuqarolik urushi tugaganiga qaramay, suriyaliklar Germaniyani tark etib, vatanga qaytishga shoshilmayapti. So‘nggi bir yilda Germaniyadagi suriyaliklar soni atigi 3,5 foizga kamaygan — 974 mingdan 940,5 mingga. Bu haqda GFR hukumatining “So‘llar” partiyasi deputatlarining parlament so‘roviga bergan javobida aytiladi.

Shu bilan birga, o‘n minglab suriyaliklar Germaniyada butunlay qolish uchun GFR fuqaroligini olyapti. Germaniyaning har to‘rtinchi yangi fuqarosi — suriyalik. 2024 yilda ular 83 150 kishi, 2023 yilda esa 75 ming bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid