O‘zbekiston | 15:09 / 20.01.2026
2299
2 daqiqa o‘qiladi

BAA prezidenti O‘zbekiston elchisini “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirladi

BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon O‘zbekistonning ushbu davlatdagi elchisi Abdulaziz Oqqulovni diplomatik faoliyati yakunlanishi munosabati bilan birinchi darajali “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirladi. Mukofot BAA Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda topshirildi.

Foto: “Dunyo” AA

“Dunyo” AA xabar qilishicha, ushbu yuksak mukofotni BAA Tashqi ishlar vazirligida tashkil etilgan uchrashuvda davlat vaziri Said bin Muborak Al-Hajriy elchiga tantanali ravishda topshirgan.

Muloqot chog‘ida Al-Hajriy BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari haqida to‘xtalib, ikki davlat aloqalarini barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirishga sodiqlik bildirgan. Shuningdek, u elchiga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilab, uning vakolati doirasida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdagi hissasini yuqori baholagan.

O‘z navbatida, Abdulaziz Oqqulov prezident Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonga chuqur minnatdorlik bildirib, BAA rahbariyati mamlakatning jahon miqyosidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan islohot va yutuqlarni e’tirof etgan.

Uchrashuv yakunida diplomat O‘zbekiston–BAA o‘zaro aloqalarini mustahkamlash yo‘lida hamkorlik qilgan hukumat tarkibidagi idora va tashkilotlarga minnatdorlik izhor etgan.

Avvalroq elchi Abdulaziz Oqqulov O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid