Jahon | 10:26 / 20.01.2026
2129
4 daqiqa o‘qiladi

Daniya va Grenlandiya Arktikada NATO missiyasini tuzishni taklif qildi

Daniya va Grenlandiya mudofaa vazirlari Bryusselda NATO bosh kotibi bilan uchrashdi. AQSh bilan mojaro fonida ular Mark Ryuttega alyansning Arktika missiyasini tashkil etishni taklif qildi.

Vivian Motsfeldt (chapda), Mark Ryutte va Troels Lund Poulsen Foto: X

Grenlandiya masalasi bo‘yicha AQSh bilan yuzaga kelgan nizodan chiqish yo‘lini topishga urinish doirasida Daniya hukumati va unga qarashli mazkur orol hokimiyati NATO bosh kotibi Mark Ryuttega Shimoliy Atlantika alyansi missiyasini Arktikaga yo‘llashni taklif qildi. Bu haqda dushanba, 19 yanvar kuni Bryusselda Ryutte bilan uchrashuvdan so‘ng Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen grenlandiyalik hamkasbi Vivian Motsfeldt bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Daniya vaziri AQShning Yevropa xavfsizligi uchun ahamiyati katta ekanini ta’kidladi. “Yevropaning o‘zimiz eplay olmaydigan muammolari ko‘p, — deya Lund Poulsenning so‘zlarini keltiradi Daniyaning DR mediakompaniyasi. — Biroq AQSh prezidentining ayrim bayonotlari rostdan ham jonga tegdi”.

Ryutte Arktikada NATO missiyasi tuzish taklifiga qanday munosabat bildirgani noma’lum. NATO bosh kotibi X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Lund Poulsen va Motsfeldt bilan uchrashuvda Arktikaning, jumladan Grenlandiyaning umumiy xavfsizlik uchun ahamiyati muhokama qilingan. “Biz ushbu muhim masalalar bo‘yicha ittifoqchi sifatida hamkorlik qilishda davom etamiz”, — deya ta’kidladi u.

Bundan bir kun oldin Mark Ryutte X tarmog‘ida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan “Grenlandiya va Arktikadagi xavfsizlik vaziyati”ni muhokama etganini ma’lum qildi. “Biz bu yo‘nalishda ishlashni davom ettiramiz, va haftaning oxirida Davosda u bilan uchrashishni intiqlik bilan kutyapman”, — deb yozdi NATO rahbari.

Grenlandiya atrofidagi vaziyat yuzasidan 22 yanvar kuniga Yevropa Ittifoqining favqulodda sammiti belgilangan. Unda YeI davlat va hukumat rahbarlari Trampning Grenlandiya masalasidagi pozitsiyalari tufayli Germaniya va yana yettita Yevropa davlatiga nisbatan 10 foizlik boj joriy etish tahdidiga umumiy javobni muhokama qilish niyatida.

Avvalroq ma’lum qilinganidek, Trampning iqtisodiy tahdidlaridan keyin Yevropa parlamenti deputatlari YeI va AQSh o‘rtasidagi transatlantik savdo kelishuvini ratifikatsiya qilish jarayonini to‘xtatib turadi. Ushbu kelishuv AQShning YeIdan importga tariflarini 15 foiz darajasida belgilashni, evaziga Yevropa Ittifoqining Amerika eksportiga qo‘yilgan bojlardan voz kechishini ko‘zda tutgan edi.

Shuningdek, Der Spiegel jurnali va Reuters agentligi Bryusseldagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Yevropa Ittifoqi AQShning ehtimoliy yangi bojlariga javoban o‘z hududida Amerika kompaniyalari faoliyatini cheklash g‘oyasini ham ko‘rib chiqmoqda.

Mojaroning sababi — Donald Trampning hozirda Daniya Qirolligi tarkibida avtonom hudud hisoblangan Grenlandiya ustidan AQSh nazoratini o‘rnatish istagi bo‘ldi. Oq uy rahbari bu go‘yo AQSh xavfsizligi uchun zarurligini, aks holda orolni Xitoy yoki Rossiya egallab olishini aytadi. Daniya va boshqa Yevropa rasmiylari esa Grenlandiya allaqachon NATOning jamoaviy mudofaa me’yorlari bilan himoyalanganini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, orolda AQSh harbiylarining mavjudligi 1951 yilgi kelishuv bilan ta’minlangan, Vashington agar qo‘shimcha qo‘shin yuborishni istasa, bu haqda shunchaki Kopenhagenni xabardor qilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid