Jahon | 14:30
1148
6 daqiqa o‘qiladi

Suriya armiyasi mamlakat shimolidagi hududlardan kurd kuchlarini siqib chiqardi

Suriya hukumat qo‘shinlari mamlakat shimolida 10 yil davomida kurd kuchlari nazoratida bo‘lgan keng hududlarni egalladi. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan, ammo kurdlar janglar davom etayotganini aytmoqda.

Foto: Ghaith Alsayed/AP

Suriya hukumati qo‘shinlari va ularga ittifoqchi qabilaviy ko‘ngilli otryadlar ikki kunlik hujum natijasida mamlakat shimolidagi, taxminan 10 yil davomida kurd kuchlari ushlab turgan keng hududlardan ularni siqib chiqardi. Bu haqda dushanba, 19 yanvar kuni CNN telekanali xabar berdi.

Suriya armiyasi ittifoqchilari bilan birga Halab, Rakka va Dayr-az-Zor viloyatlarining katta qismini egalladi, shuningdek, Firot daryosidagi ikki gidroelektrostansiyani nazoratga oldi. Suriya rasmiylarining bildirishicha, Damashq endi yirik neft va gaz konlarini ham nazorat qilmoqda.

Hukumat kuchlari Rakka shahrini ham egallagan. Bu shahar bir vaqtlar IShID terroristik tashkilotining asosiy tayanch nuqtasi bo‘lgan. Rakkaning qo‘lga olingani geolokatsiya qilingan suratlar bilan tasdiqlangan.

Suriya hukumat kuchlari (ular tarkibida sobiq radikal guruhlar vakillari ham borligi aytiladi) bilan kurdlar yetakchiligidagi “Suriya demokratik kuchlari” (SDF) koalitsiyasi jangchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar yanvar boshida Suriyaning eng yirik shahri — Halabdan boshlangan. 10 yanvarga kelib hukumatga sodiq qo‘shinlar shaharni nazoratga olgan, kurd jangchilari esa sharq tomon, Firotga qarab chekingan.

17 yanvar kuni Suriya davlat agentligi Sana Suriya hukumat qo‘shinlari va IIV kuchlari Halabdan sharqda joylashgan Dayr-Xafir va Meskena shaharlariga kirganini xabar qildi. 18 dekabrda esa Suriya armiyasi Firotni kesib o‘tgani haqida xabar kelgan.

18 yanvar kuni Suriya hokimiyati SDF bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolanganini e’lon qildi. Bu kelishuv Dayr-az-Zor va Rakka viloyatlari ustidan Suriya hukumati to‘liq nazorat o‘rnatishini nazarda tutadi. Biroq ertasi kuni SDF Damashqqa ittifoqchi guruhlar hali ham ularga hujum qilayotganini bildirdi: “Bizning kuchlarimiz bilan ushbu guruhlar o‘rtasida Rakkadagi al-Aktan qamoqxonasi atrofida shiddatli to‘qnashuvlar ketyapti. Bu yerda IShID terrorchilari saqlanadi, bu esa o‘ta xavfli vaziyatni yuzaga keltirmoqda”, — deya ta’kidlaydi kurdlar.

Suriyaning o‘tish davridagi prezidenti Ahmad ash-Shar’a 18 yanvar kuni SDF qo‘mondoni Mazlum Abdi bilan uchrashuv rejalashtirilganini, biroq yomon ob-havo sababli u 19 yanvarga ko‘chirilganini aytdi.

Mamlakatdagi keskin vaziyat tufayli ash-Shar’a 19–20 yanvar kunlariga belgilangan Germaniyaga safariga bormasligini ma’lum qildi. U Berlinda GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer va kansler Fridrix Mers, shuningdek, Germaniya siyosiy va biznes doiralari vakillari bilan uchrashishi kerak edi. Muzokaralarning asosiy mavzulari Suriya qochqinlarining vatanga qaytishi va qariyb 14 yillik fuqarolik urushi ortidan Suriyani tiklash masalalari bo‘lishi kutilgan.

Mers ash-Shar’ani Germaniyaga taklif qilish o‘z kuchida qolishini bildirdi: “Suriya — Yaqin Sharqdagi katta va muhim mamlakat, butun mintaqaga farovonlik va tinchlik olib kelishi mumkin bo‘lgan davlat. Shuning uchun men prezidentni Germaniyaga taklif qildim”, — dedi kansler. U, shuningdek, Germaniyada hali ham taxminan bir millionga yaqin suriyalik qochqin yashashini eslatdi. Damashq va kurdlar o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini Mers “umidbaxsh belgi” deb atadi, biroq “hali katta ish qilish kerak”ligini ta’kidladi.

Avvalroq dpa agentligi Germaniyada ash-Shar’aning tashrifiga qarshi bir necha norozilik aksiyalari tayyorlanayotgani haqida xabar bergan. Namoyishchilar “Ahmad ash-Shar’a — Mers tomonidan taklif etildi, biz tomondan ayblanadi” shiori ostida federal kansler idorasi binosidan Brandenburg darvozalarigacha yurish o‘tkazishni rejalashtirgan. Shuningdek, boshqa bir aksiya ham kutilgandi.

2025 yil oktyabrda Suriyada Bashar Asad ag‘darilganidan keyin birinchi parlament saylovlari o‘tkazildi. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri emas — saylov hay’ati a’zolari ovozi asosida amalga oshirilgan. Shuningdek, “xavfsizlik” sababli mamlakatning 14 viloyatidan 3 tasida saylov o‘tkazilmagan.

2024 yil oxirida Asadni ag‘dargan Ahmad ash-Shar’a avval Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan. U 2003 yilda AQSh rahbarligidagi xalqaro terrorizmga qarshi koalitsiya kuchlariga qarshi kurashish uchun Iroqda “Al-Qoida”ga qo‘shilgan. 2006 yilda Amerika harbiylari uni hibsga olgan va u Iroq qamoqxonalarida besh yil o‘tirgan.

Ozodlikka chiqqanidan so‘ng, 2011 yilda ash-Shar’a “Jabhat an-Nusra”ni — “Al-Qoida”ning Suriyadagi bo‘linmasini tuzib, unga rahbarlik qilgan. Bu guruh bir muddat IShID bilan hamkorlik qilgani aytilgan. 2017 yilda “Jabhat an-Nusra” qayta tashkil etilib, “Hay’at Tahrir ash-Shom”ga aylangan. Yangi guruhning asosiy maqsadi Asadni ag‘darish bo‘lgan.

Fox News telekanali efirida 10 noyabr kuni chiqish qilar ekan, o‘tish davri prezidenti ash-Shar’a “Al-Qoida” bilan hamkorligi “o‘tmishda qolgan ish” ekanini aytgan.

Mavzuga oid