Hujjat hukumat kuchlari va SDF o‘rtasida “barcha frontlar va barcha tutashuv nuqtalarida” keng qamrovli va darhol o‘t ochishni to‘xtatishni ko‘zda tutadi.

Kelishuv, shuningdek, kurd ma’muriyati va kuchlarini davlat tuzilmalariga integratsiya qilishni ham nazarda tutadi. AFP agentligiga ko‘ra, bu uzoq vaqt davomida nazoratidagi hududlarda amaldagi avtonomiyani saqlab qolishga intilib kelgan ozchilik (kurdlar) uchun zarba hisoblanadi.

Ash-Shar’a o‘t ochishni to‘xtatish haqida jurnalistlarga ma’lum qilar ekan, 18 yanvar kuni SDF qo‘mondoni Mazlum Abdi bilan uchrashuv rejalashtirilganini, ammo yomon ob-havo sabab u 19 yanvarga ko‘chirilganini aytdi. “Vaziyatni tinchlantirish uchun biz kelishuvni imzolashga qaror qildik”, — deya qo‘shimcha qildi ash-Shar’a.

Ahmad ash-Shar’a 19–20 yanvar kunlari Berlinga rejalashtirilgan tashrifini qoldirdi. Bunday qaror Suriyadagi siyosiy vaziyat sabab qabul qilinganini Germaniya hukumati vakili dpa agentligiga ma’lum qildi.

Suriyaning o‘tish davri prezidenti 20 yanvar kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers, bir qator federal vazirlar va biznes vakillari bilan uchrashishi kerak edi. Uchrashuvda so‘nggi qariyb 14 yillik fuqarolik urushidan keyin Suriyani tiklash va suriyalik qochqinlarni vatanga qaytarish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Mers ash-Shar’ani Germaniyaga noyabr oyida taklif qilgan.

O‘tgan dam olish kunlari Suriya hukumat qo‘shinlari SDF'ni At-Tabka shahridan siqib chiqardi. U yerda Al-Asad suv ombori to‘g‘oni joylashgan. To‘g‘onda yirik GES mavjud bo‘lib, u 1970-yillarda SSSR ko‘magida qurilgan. Suriyaning yangi hokimiyati kurdlar ko‘p yillar ushlab turgan GESni qayta ishga tushirishini va mahalliy aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashini bildirgan.

Bundan tashqari, hukumat qo‘shinlari va IIV kuchlari Halab sharqidagi Dayr-Xafir va Meskena shaharlariga kirgan. SANA ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha hududdagi 34 ta qishloq ham qo‘shinlar nazoratiga o‘tgan. Kurdlarning “Suriya demokratik kuchlari”dan yuzlab jangchi taslim bo‘lgan, taxminan 200 nafar evakuatsiya qilingan. Keyinroq SDF Firotning o‘ng sohilidan ham siqib chiqarilgan.

Halab atrofidagi janglar 6 yanvardan beri davom etgan. Tomonlar bir-birini zo‘ravonlikni kuchaytirishda ayblab kelgan. Halab gubernatori Azam al-G‘aribning aytishicha, 10 yanvarga kelib, asosan kurdlar yashaydigan mahallalardan taxminan 155 000 kishi shaharning boshqa tumanlariga yoki qishloq hududlariga qochib chiqib ketgan.