Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amerikaning SSSR bo‘yicha bosh kontrrazvedkachisi nega ruslar tomonga o‘tib ketgandi?
1985 yilning bahori. SSSRning Vashingtondagi elchixonasiga bir odam keladi va qo‘riqchiga «Amerika uchun ishlayotgan KGBning yuqori lavozimli uch xodimi haqida ma’lumot bermoqchiman», deb aytadi. Dastlab, sovetlar bu harakatni chalg‘itish uchun qilingan navbatdagi hiyla sifatida baholashadi. Ammo, kelgan odamning shaxsi aniqlashtirilganda, u MRBning SSSR va Sharqiy Yevropa bo‘limidagi eng nufuzli xodimlardan biri – Oldrich Eyms ekani oydinlashdi.
Bundan bir necha kun oldin Amerika tomoni «eng xavfli xoin» sifatida tavsiflaydigan o‘sha mashhur Eyms 84 yoshda olamdan o‘tdi. U umrining so‘nggi 31 yilini qamoqda o‘tkazdi. Xo‘sh, MRBning SSSR bo‘yicha bosh kontrrazvedkachisi nega ruslar tomonga o‘tib ketgandi?
Oldrich Eyms kim?
Oldrich Eyms 1941 yil 26 mayda Viskonsin shtatidagi River-Folls shahrida tug‘ilgan. Otasi ham AQSh razvedkasi xodimi edi. Oldrich dastlab litseyda, keyinchalik Jorj Vashington universitetining tarix fakultetida tahsil oladi. Uning MRBdagi faoliyati 1962 yildan boshlanadi. Eyms uzoq vaqt davomida xavfsizlik tizimida o‘z o‘rnini topa olmaydi: tahliliy ishga moyil bo‘lsa-da, undan operativ xodim sifatida foydalanishadi. Oldrichga xorijdagi birinchi topshirig‘ini Turkiyada bajarish vazifasi yuklatiladi. Bu yerda u sovet fuqarolarini josuslikka yollash bilan shug‘ullanishi kerak edi. Bu orada razvedkachi spirtli ichimliklarga ruju qo‘yadi va bu omil karerasiga ham ta’sir qila boshlaydi. Hatto 1976 yilda maxfiy hujjatlar bilan to‘la portfelni metroda qoldirib ketadi. Unga o‘zini ko‘rsatish uchun 1981 yilda yana bir imkon beriladi va Meksikaga ishga yuboriladi. Ammo, mast holda avtomobil boshqarib avariyaga uchrashi, elchixonadagi diplomatik qabulda kubalik rasmiy bilan ichkilikbozlik sabab kelib chiqqan janjal natijasida yana ortga qaytariladi. Bir qancha muvaffaqiyatsizliklarga qaramay Eymsning omadi keladi va rus tilini mukammal bilgani sababli uni 1983 yilda Sovet operatsiyalari bo‘yicha kontrrazvedka bo‘limi boshlig‘i etib tayinlashadi, bu esa Oldrichga MRBning maxfiy faoliyatiga oid keng qamrovli ma’lumotlarga kirish imkonini beradi.
KGB bilan hamkorlik
1985 yil 16 aprel kuni Oldrich to‘g‘ridan to‘g‘ri Vashingtondagi SSSR elchixonasiga boradi. Ichkariga kirgach, qabulxona xodimiga bir nechta Amerikaga sotilgan agentlarning ismlari yozilgan konvert, MRB ichki xodimi sifatidagi hujjati va 50 ming dollar xizmat haqi to‘lovi yozilgan qog‘ozni beradi. U Senatga bergan hisobotida dastlab buni moliyaviy qiyinchilikdan chiqishning bir martalik yo‘li deb hisoblaganini, ammo tez orada qizil chiziqni kesib o‘tgani va ortga qayta olmasligini anglaganini aytgan.
Oldrich rahbariyatga sovet xodimlaridan birini MRB tomonga ag‘darish uchun elchixonaga borganini, biroq xodim bilan uchrasha olmay qaytganini ma’lum qiladi. O‘shanda KGB Oldrichni tekshirib ko‘rishni va ishonchli deb topilsa u bilan aloqa qilib turishni elchixona xodimi niqobi ostida ishlayotgan Viktor Cherkashinga topshiradi.
Oldrichning taklifi muhokama qilinadi va u bilan bafurja uchrashuv o‘tkazishga kelishiladi. Ikkinchi uchrashuv 1985 yil 17 may kuni bo‘lib o‘tadi va unda Viktor Cherkashin, Sergey Chuvaxin va Oldrich Eyms qatnashadi. Uchrashuvda Oldrich sovet josuslariga MRB bilan hamkorlik qilib kelayotgan qator KGB xodimlari haqida ma’lumot beradi.
Eymsning Amerikaga xiyonat qilishiga uning yosh xotini Mariya del Rosario Kasas Dupi undagan degan gaplar bor. Kolumbiyaning AQShdagi konsulligi xodimi bo‘lgan bu ayol sabab Oldrich birinchi turmushidan ajrashadi. Rosario hashamatli hayotni xohlar, shu uchun Oldrichga kam maoshga ishlayotganini, bundan ko‘proq pul topa olishi mumkinligini doim takrorlab turgan. Ayol Eymsga agar ko‘proq pul topmasa tashlab ketish bilan tahdid ham qilgan.
Oldrichning fosh etilishi
1985 yildan boshlab AQShning KGBdagi ko‘plab josuslari birin-ketin qo‘lga olina boshlaydi. Natijada 1986 yilda MRBda ma’lumotlarni ruslarga sotgan xodimni aniqlash uchun maxsus guruh tashkil etiladi. Biroq ular bir necha yil «sotqin» kimligini aniqlay olishmaydi.
Oldrichning qo‘lga tushishiga hashamatli hayot kechirishi sabab bo‘lgan. U sovet davrida va undan keyin ham o‘z «xizmatlari» evaziga salmoqli summa olgan. Hech qachon yillik maoshi 70 ming dollardan oshmagan bo‘lsa-da, 540 ming dollarlik yangi uyni naqd pulga sotib olgan, uy ta’miriga yana o‘n minglab dollar sarflagan va Jaguar rusumli avtomobil xarid qilgan. Oldrichning Rossiyadan umumiy hisobda 2,5 mln dollar pul olgani taxmin qilinadi.
Yuqoridagi jihatlar MRB xodimlarining ham diqqatini tortadi. Ular el qatori maosh oladigan Oldrich qimmat mashinaga, kiyim-kechaklarga va buyumlarga pullarni qayerdan olayotganiga qiziqa boshlashadi. Shu tariqa Eyms shubha ostiga tushadi va uning har bir qadami kuzatuvga olinadi. Oxir-oqibat 1994 yilda Oldrich va Rosario Dupi Vashingtonda joylashgan uyida hibsga olinadi. Ularga bir nechta moddalar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atiladi. Er-xotinning ikkalasi ham o‘z ayblarini tan olishadi.

Oldrich 1985-1994 yillarda ruslarga MRB bilan hamkorlik qilgan agentlarning nomlarini, yuzlab razvedka operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni yetkazgan. AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eyms Moskvaga kamida o‘n nafar agent shaxsi haqida axborot bergan. Ularning kamida to‘qqiz nafari SSSRda otib tashlangani taxmin qilinadi. Bulardan eng taniqlilari: Dmitriy Polyakov, Gennadiy Smetanin, Aleksey Kulak, Vladimir Piguzov, Valeriy Martinov, Sergey Motorin.

Oldrich qamoqda o‘tirgan paytida bir necha bor OAVga intervyu ham beradi. O‘shanda u pullarni yaxshi ko‘rishini, biroq barcha narsa kapital ustiga qurilgan Amerika siyosatidan nafratlanishini, ana shu narsa tufayli KGB bilan hamkorlik qilganini aytgan.
Mavzuga oid
21:07 / 07.01.2026
Eng mashhur josuslardan biri Oldrich Eyms AQSh qamoqxonasida vafot etdi
12:30 / 30.12.2025
«Salom, aya!» - qishloqdan Amerikaga sayohat | Manzil
14:35 / 20.11.2025
SSSRni larzaga solgan josuslik. Nega KGB generali o‘ta maxfiy ma’lumotlarni amerikaliklarga bergandi?
12:31 / 27.09.2025