Jamiyat | 17:50
10391
5 daqiqa o‘qiladi

“Otamning o‘rnini egallayman degan xayolda yurgandim” – “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li

IIV Baxtiyor Qudratullayevning umumiy tartibli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan katta o‘g‘li Bekzod Zafarov haqida lavha e’lon qildi. Mahkum el orasida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan otasining o‘rnini egallayman deya xato o‘ylaganini bildirgan. U koloniyada xo‘jalik, qurilish ishlarini bajarayotganini aytgan. “Noto‘g‘ri ishlar qilgan ekanman. Bitta kasb o‘rganib, yurtga foydam tegadigan ish qilgan holda oilamning bag‘rida bo‘lganim ming marta afzalroq edi”, degan Bekzod Zafarov.

Ichki ishlar vazirligi Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li Bekzod Zafarov haqida koloniyadan lavha tayyorladi. Unda mahkum koloniyada nima ishlar bilan band bo‘layotgani haqida aytib o‘tgan.

Ma’lum qilishicha, Bekzod Zafarov koloniyada xo‘jalik va qurilish ishlari bilan mashg‘ul. Shuningdek, ishlab chiqarish korxonasida foydali mehnatga jalb qilingan.

Baxtiyor Qudratullayevning katta o‘g‘li bo‘laman. Qamalmasimdan oldin otamning yo‘nalishini ushlayman, o‘rnini egallayman degan xayollarda yurgandim. O‘ylaganlarimning hammasi katta xato ekan. Koloniyaga kelganimga bir yil bo‘ldi. Xo‘jalik ishlariga, qurilishlarga qarashib turaman. Qolgan paytda ishlab chiqarish korxonasida sexga ishga chiqaman. U yerda temir-tersak bilan ish qilamiz.

Bir yil oldingi hayotim bilan hozirgi hayotim ancha farqli. Bu yerda Bekzodmisan, Bekmisan, kim bo‘lsang ham hamma uchun qonun bir. Jinoyat olamining taniqli shaxslariga, jinoyat olamiga hech kim intilmasin. Bu narsadan hech qanday foyda yo‘q. El-yurtning, ota-onaning xizmatida bo‘lsin. Jamiyatga foydasi tegadigan inson bo‘lsin. Shu narsani so‘rardim”, degan u.

Bekzod Zafarov odam nimalarni yo‘qotganini boshiga tushgachgina tushunishini bildirgan va oilasi haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

Keyingi yil katta o‘g‘lim maktabga chiqadi. Dada, tezroq keling, sizni sog‘indim, dedi. Shu gaplari hali-hamon xayolimdan ketmaydi. Tunlari bolalarim tushimga kirib chiqadi.

O‘zimning maktabga chiqayotgan paytlarimni eslab va hozirgi kunda bolamni 1-sinfga, birinchi qo‘ng‘iroqqa olib chiqolmayotganim, ota-onalar majlisida ishtirok etolmayotganim, unga dars mashg‘ulotlarida qarashmayotganim, oldida suyanadigan tog‘i bo‘lib turolmayotganim alam qiladi. Shu narsalardan afsusdaman. Qizimning endi tili chiqyapti, shularni ko‘rolmayapman. Hamma narsaga odamning o‘zi aybdor bo‘ladi. Hozir kimnidir ayblashim xato, ayb o‘zimda.

Noto‘g‘ri ishlar qilgan ekanman. Bitta kasb, bitta yaxshi hunarni o‘rganib, yurtga foydam tegadigan ish qilgan holda oilamning bag‘rida bo‘lganim ming marta afzalroq edi”, degan Bekzod Zafarov.

Shuningdek, u chuchvarani xom sanaganini, qonunni bilib, unga amal qilib yashash kerakligini aytib o‘tgan:

Qaniydi shu vaqtni orqaga qaytirishning iloji bo‘lganida halol yurib, halol mehnat qilib, oila bag‘rida bo‘lishni juda istardim. Chuchvarani xom sanagan ekanman. Qonunni bilib, o‘shanga amal qilib yashash kerak ekan. Hozirgi kunda shu narsalar hammasi oilaga, ozodlikka, halol mehnat qilib, tinchlik-omonlikda oila davrasida o‘tirishga bir foiz ham yaqin kelmas ekan.

Mana, hibsxonada 2 yildan ortiq o‘tiribman. Shuni tushunib yetdimki, hibsxonada osh yeb, idish-tovoqlaringiz tilladan bo‘lgandan ko‘ra, oila davrasida bir burda non yeb yurganingiz ming marta afzalroq ekan. Hammadan uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman”.

Bekzod Zafarov Baxtiyor Qudratullayevning katta o‘g‘li hisoblanadi. U 1994 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Bekzod Zafarov tovlamachilik va firibgarlik jinoyatlarini sodir etgani uchun 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Bekzod Zafarovning ukasi Ixtiyor Qudratullayev 9 yil, otasi Baxtiyor Qudratullayevga esa 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid