Sport | 05:08
8623
18 daqiqa o‘qiladi

«Siti» yana yutqazdi, «Real» 6 ta gol urdi. Kun o‘yinlari

«Inter»ni ham yenggan «Arsenal» 100 foizlik natija qayd etmoqda, «PSJ»da esa sensatsion mag‘lubiyat. Seshanba oqshomida YeChL guruh bosqichida o‘tkazilgan o‘yinlar va guruh jadvalidagi vaziyat.

«Siti» Norvegiyada «muzladi»

«Budyo-Glimt» – «Manchester Siti» 3:1
Gollar:
Heg, 22 (1:0). Heg, 24 (2:0). Hauge, 58 (3:0). Sherki, 60 (3:1)
«Budyo-Glimt»: Xaykin, Bertuft, Gundersen, Berkan, Sevold, Berg, Fet (Myayattya, 82), Even (Euklenn, 76), Hauge, Blomberg (Saltnes, 76), Heg (Helmersen, 76)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Husanov, Alleyn, Ayt Nuri, Lyuis, Rodri, O`Rayli, Reynders, Sherki, Foden (Marmush, 70), Holand
Ogohlantirishlar: Rodri, 61. Sherki, 90
Chetlatish: Rodri, 62 (ikkinchi sariq)

«Manchester Siti» kutilmaganda Norvegiyada «Budyo-Glimt»ga 1:3 hisobida yutqazdi va o‘yin davomida 0:3 hisobida ortda ham bordi. Gvardiola bu o‘yinga asosiy tarkibni tushirdi va hech narsa qila olmadi. Jamoa shunchalik yomon o‘ynadiki, tajribali va sovuqqon Rodrining ham asablari dosh bermadi – u ikkinchi bo‘lim boshidayoq maydonni tark etdi.

«Bude» 22-daqiqadayoq hisobda oldinga chiqib olgandi: to‘p maydon markazida egallandi – va vinger Ule Blomberg himoyachilar orasidan o‘tib ketdi. Husanov uni yelkasi bilan turtib yiqitgani ham hech narsani o‘zgartirmadi, u yana o‘rnidan turdi va olis ustun oldida ochilgan Kasper Hegni golli pas bilan ta’minladi.

Ikki daqiqa o‘tmasdan mehmonlar darvozasi yana bir bor ishg‘ol etildi. Bu vaziyatda 20 yoshli himoyachi Maks Alleyn golga sababchi bo‘ldi: u maydon markazida yo‘q joydan to‘pn oldirdi va qarshi hujumda Heg osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi.

«Siti» ikkinchi bo‘limda ham o‘ziga kela olmadi: avvaliga 52-daqiqada Xokon Even urgan gol ofsayd tufayli bekor qilindi. Ammo inglizlar baribir uchinchi goldan qocha olishmadi: olti daqiqa o‘tib «Milan»ning sobiq vingeri Yyens Heuge olis burchak tomon qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

Biroz o‘tib Rayan Sherki javob golini urdi va o‘yinga intriga qaytgandek bo‘ldi. Ammo Rodri 53 soniya ichida ikki bor sariq kartochka olishi barchasini chippakka chiqardi. Ispaniyalik yarimhimoyachi ikki holatda ham «Bude»ning qarshi hujumini to‘xtatishga urinib, fol ishlatdi.

● «Siti» qatorasiga ikkinchi o‘yinda yutqazmoqda: jamoa «MYu»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin hali o‘ziga kela olmagan. Umuman olganda, «shaharliklar»da inqiroz kuzatilmoqda: Pep shogirdlari barcha turnirlar doirasidagi so‘nggi yetti o‘yinda atigi ikki g‘alabaga erishga – Angliya kubogida «Ekseter»ga va Liga kubogida «Nyukasl»ga qarshi o‘yinlarda. 

● «Siti» YeChLda so‘nggi sakkiz safar uchrashuvidan beshtasida yutqazdi. Umumiy guruh bosqichida hali barchasini tuzatish mumkin, ammo pley-offda safardagi mag‘lubiyatlar qimmatga tushishi tayin. 

● Erling Holand qatorasiga to‘rtinchi o‘yindirki maydonni golsiz tark etmoqda. Ushbu forvard 2026 yil boshidan buyon atigi bir gol urdi – «Brayton»ga qarshi o‘yinda penaltidan urilgan gol faqat durang hisobni ta’minlagandi (1:1).

«Bude» bu g‘alaba evaziga pley-offga yo‘llanma beruvchi top-24 o‘rinlariga yaqinlashdi. Norvegiyaliklar pley-offga chiqish uchun so‘nggi turda «Atletiko» maydonida g‘alaba qozonishi va raqobatchilarning natijalariga qarashi kerak bo‘ladi. 

«Siti» hozircha yettinchi o‘ringa tushdi, ammo chorshanba oqshomidagi o‘yinlardan keyin kuchli sakkizlikni tark etishi tayin.

«Real»da oson g‘alaba

«Real» – «Monako» 6:1
Gollar:
Mbappe, 5 (1:0). Mbappe, 26 (2:0). Mastantuono, 51 (3:0). Kerer, 55 – avtogol (4:0). Vinisius Junior, 63 (5:0). Teze, 72 (5:1). Bellinghem, 80 (6:1)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio (Sebalyos, 46), Hausen, Kamavinga (Karvahal, 76), Valverde (Meso, 83), Tshuameni, Bellinghem, Arda Guler (F. Garsiya, 76), Vinisius Junior, Mastantuono (G. Garsiya, 71), Mbappe
«Monako»: Ken, Dayyer, Kerer, Kayyu Enrike, Vanderson (Uttara, 61), Teze, Zakariyo (Bamba, 73), Fati (Kulibali, 61), Golovin (Mishal, 84), Akliush, Balogun (Ilenihenya, 73)
Ogohlantirishlar: Bellinghem, 44 – Zakariyo, 33

«Real» darhol oldinga tashlandi. Madridliklar o‘zlarini isbotlashi talab etilardi – muxlislar ularga shu o‘yin oldidan ham hushtakbozlik qilishdi.

5-daqiqadayoq Kilian Mbappe norozi muxlislarga javob qaytardi: Franko Mastantuono Federiko Valverdeni oldinga boshladi, urugvaylik yarimhimoyachi fransiyalik jamoadoshini zarbdor nuqtaga chiqardi. Kilian yoshlikdagi jamoasiga urgan golini xotirjamlik bilan nishonladi. 

20 daqiqa o‘tib mehmonlar himoyadagi xato uchun ikkinchi bor jazolandi: yana Kilian darvoza burchagini aniq nishonga oldi, bu safar unga Vinisius assistentlik qildi. Umuman olganda, butun hujum chiroyli amalga oshirildi: Eduardo Kamavinganing tovondagi nozik harakati va Arda Gulerning pasi – top daraja. 

«Monako» shundan keyingina oldinga o‘tib, javob hujumlarini uyushtira boshladi: lateral Jordan Tezening olis masofadan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘sinini titartdi. Ammo bundan ortig‘iga jamoaning kuchi yetmadi. Ikkinchi bo‘limda «Real» to‘liq kuch bilan harakat qildi va hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi: 51-daqiqada Vinisius Mastantuonoga ham golli uzatma berdi.

Yana besh daqiqa o‘tib braziliyalik vingerning sa’y-harakatlaridan keyin himoyachi Tilo Kerer o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. 

63-daqiqada esa Vinisiusning o‘zi ham gol urdi: u raqib jarima maydoniga osonlik bilan yorib kirdi va to‘qqizlikka kuchli zarba yo‘lladi. Ammo Chempionlar ligasi joriy mavsumidagi birinchi golini nishonlamadi. U shunchaki Alvaro Arbeloaning oldiga kelib, uni quchoqlab qo‘ydi.

«Monako» o‘yin oxirida Tezening goli bilan javob qaytardi. Keyin esa Jud Bellinghem o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi.

6:1 – Arbeloaning YeChLda murabbiy sifatidagi debyuti a’lo darajada chiqdi.

● Vinisius – «Real»ning YeChL o‘yinlaridagi ikkinchi eng yaxshi assistentiga aylandi. Endi uning ushbu turnirdagi golli uzatmalari soni 29 taga yetdi – va Krishtianu Ronalduning natijasiga yana ikkita qoldi. Turnir tarixidagi eng yaxshi assistent maqomigacha esa yana 13 pas yetarli. 25 yoshli vinger shu ruhda davom etadigan bo‘lsa, bu dovonni ham zabt etishi tayin. 

● Mbappe YeChLning yetti o‘yinida 11 gol urishga ulgurdi. Kilian – «Real»ning bir turnirda 10+ gol qayd etgan to‘rtinchi futbolchisi. Ronaldu yetti mavsumda shunday natija qayd etgan, Raul va Karim Benzema – bittadan.

● Mbappe Ronalduning YeChL guruh bosqichidagi gollar soni bo‘yicha rekordini (11 gol) takrorladi.

Bu g‘alabadan keyin «Real» ochkolari sonini 16 taga yetkazib, umumiy jadvalda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Jamoa bu bilan amalda 1/8 final yo‘llanmasini hal qildi.

Oxirgi turda madridliklar Joze Mourinio boshqaruvidagi «Benfika» mehmoni bo‘lishadi. 

«Arsenal» yo‘qotishsiz davom etmoqda

«Inter» – «Arsenal» 1:3
Gollar:
Gabriel Jyezus, 10 (0:1). Suchich, 18 (1:1). Gabriel Jyezus, 31 (1:2). Yokeresh, 84 (1:3)
«Inter»: Zommer, Acherbi, Bastoni, Akanji, Zelinski (Diuf, 82), Suchich, Barella (Frattezi, 63), Dimarko, Luis Enrike (Bonni, 82), Tyuram, Martines (Espozito, 63)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Moskera (Gabriel Magalyayns, 75), Lyuis-Skelli, Timber (Uayt, 64), Subimendi, Eze (Rays, 64), Merino, Trossar (Martinelli, 79), Saka, Gabriel Jyezus (Yokeresh, 75)
Ogohlantirishlar: Bastoni, 72. Acherbi, 82 – Merino, 72. Rays, 90

«Inter» va «Arsenal» so‘nggi vaqtlarda haddan tashqari yopiq va pragmatik futbol ko‘rsatishda ayblanadi, ammo ularning o‘zaro uchrashuvi turning markaziy to‘qnashuvi sifatida e’tiborga molik edi. Nima bo‘lganda ham bir tomonda Chempionlar ligasining o‘tgan mavsumi finalchisi hozirgi turnirda jadval peshqadamiga qarshi maydonga tushgandi. Qolaversa, ikki jamoa ham hozirda o‘z chempionatlarida birinchi o‘rinda bormoqda.

Arteta tig‘iz taqvimni hisobga olib, jiddiy rotatsiyaga qo‘l urdi. Milandagi o‘yinda londonliklarning asosiy tarkib futbolchilari – Gabriel, Rays, Yokeresh va Edegor zaxirada qoldirildi.

Lekin bu mehmonlarga ilk daqiqalardan hujumkor futbol namoyish etishga xalal bermadi. «Arsenal» futbolchilari dastlabki 40 soniya ichida mezbonlar darvozasiga ikki bor zarba berishga ulgurdi. Ketma-ket hujumlar 10-daqiqada mantiqiy gol bilan yakunlandi: anchadan buyon ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Jyezus Timberning uzatmasini golga aylantirdi.

Ammo mezbonlar ham darhol hisobni javob qaytarishdi: maydon markazida to‘p uchun kurashda Lautaro g‘olib chiqdi va tezkor qarshi hujum boshlab berdi. «Arsenal» himoyachilari Markus Tyuram va Nikolo Barellaning zarbalarini bloklashdi, ammo jarima maydoni tashqarisiga qaytib chiqqan to‘pga Petar Suchich yetib keldi va darvozani o‘qqa tutdi. Bu «Arsenal» YeChLning joriy mavsumida o‘tkazib yuborgan ikkinchi gol bo‘ldi.

13 daqiqa o‘tib Jyezus dublni rasmiylashtirdi. Burchak zarbasidan keyin 172-santimetrlik Leandro Trossar to‘pni boshi bilan darvozabon hududiga tashlab berdi, u yerda turgan 175-santimetrlik braziliyalik hujumchi boshda yo‘llagan zarbasi bilan darvoza to‘rini ishg‘ol etdi.

Birinchi bo‘limda ochiq futbol namoyish etgan jamoalar jami 19 zarba yo‘lladi va «Arsenal»ning zarbalari aniqroq chiqdi.

Tanaffusdan keyin Trossar ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishi mumkin edi, ammo uning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi. Keyin esa Lautaro Martines o‘rniga zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Franchesko Espozito ikki vaziyatdan foydalana olmadi.

84-daqiqada mehmonlar o‘yin masalasiga nuqta qo‘yishdi: Yokeresh qarshi hujumda o‘z imkoniyatidan foydalanib, darvoza to‘qqizligini aniq nishonga oldi.

● «Arsenal» yevrokuboklarda ilk bor qatorasiga yetti o‘yinda g‘alaba qozondi. 7 turda 7 g‘alabaga erishgan jamoa amalda guruh bosqichining 1-o‘rnini kafolatladi. «Qayrat»ga qarshi so‘nggi tur o‘yinida Arteta shogirdlariga mag‘lubiyat ham bu o‘rinni o‘zida saqlab qolishiga xalal bermasligi mumkin.

● Jamoalar o‘yin davomida jami 32 zarba yo‘llashdi, xG ko‘rsatkichi 1,33 ga qarshi 2,12 ko‘rinishini oldi. 

● Jyezus «Arsenal»ning bu mavsumda burchak zarbalaridan keyingi 19-golini urdi – bu jami gollarning qariyb to‘rtdan birini tashkil etadi. «Kanonirlar» barcha turnirlar doirasida urgan jami gollar soni 80 tani tashkil etmoqda.

Portugaliya kompleksi

«Sporting» – «PSJ» 2:1
Gollar:
Suares, 74 (1:0). Kvaratsxeliya, 79 (1:1). Suares, 90 (2:1)
«Sporting»: Ruy Silva, Mateus Reys, Gonsalu Inasiu, Mangash (Vayannidis, 63), Fresneda, Morita, Simoyes (Santos, 87), Trinkan (Kochorashvili, 90+6), Arauxo, Katamu (Bragansa, 87), Suares
«PSJ»: Shevale, Markinos, Pacho, Nunu Mendesh, Zair-Emeri, Ruis (Zabarniy, 80), Vitinya, Mayulu (Kvaratsxeliya, 66), Barkolya (Ramush, 71), Due, Dembele
Ogohlantirishlar: Mangash, 59. Suares, 90 – Kvaratsxeliya, 90

Kunning yana bir sensatsiyasi Portugaliyada kuzatildi. «Sporting» bu mavsumda o‘z stadionida yaxshi o‘ynamoqda. Lissabon klubi «PSJ» bilan o‘yinga qadar «Qayrat», «Marsel» va «Bryugge» kabi klublarga qarshi uchrashuvlarda uch g‘alabaga erishgandi.

Darajasi bu raqiblarga qaraganda ancha yuqori bo‘lgan parijliklar ikki gol urishdi, ammo hakamlar brigadasi Uorren Zair-Emeri va Usmon Dembelening gollarini qoidabuzarlik tufayli bekor qildi. O‘yinning hal qiluvchi voqealari esa ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida ro‘y berdi. Avvaliga Luis Suares mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi, besh daqiqa o‘tib Xvicha Kvaratsxeliya muvozanatni tikladi. 90-daqiqada esa Lyuk Shevale Trinkauning zarbasini qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Suares g‘alaba golini urdi. «PSJ» 2026 yilda ikkinchi bor yutqazdi. «Sporting» esa umumiy jadvalda ushbu raqibga ochkolar soni bo‘yicha yetib oldi.

Tomas Frank ishda qoldi

«Tottenhem» – «Borussiya» D 2:0
Gollar
: Romero, 14 (1:0). Solanke, 37 (2:0)
«Tottenhem»: Vikario, Danso, Romero, Udodji, Porro, Grey, Bergvall (Bayfild, 62), Simons, Spens, Odober, Solanke (Kolo Muani, 70)
«Borussiya» D: Kobel, Shlotterbek, Bensebaini, Anton, Bellinghem, Nmecha (Chukvuemeka, 64), Svensson, Koutu (Bayyer, 76), Brandt (Ryuerson, 46), Adeyyemi (Silva, 64), Girassi (Emre Jan, 46)
Ogohlantirishlar: Grey, 86 - Ryuerson, 86
Chetlatish: Svensson, 24

«Tottenhem» – Dortmundning «Borussiya» klubi uchun ancha noqulay raqib. Nemislar klubi bungacha londonliklarga qarshi o‘yinlarda qatorasiga uch bor yutqazgandi. YeChL umumiy guruh bosqichi 7-turida esa to‘rtinchi mag‘lubiyat qayd etildi. Asosiy voqealar birinchi bo‘limda bo‘lib o‘tdi. Kristian Romero burchak zarbasidan keyin hisobni ochdi, 10 daqiqa o‘tib esa Daniel Svensson qizil kartochka olib, mehmonlarni qiyin ahvolda qoldirdi.

Bo‘lim oxirida Dominik Solanke turning eng g‘alati goliga mualliflik qilib, hisobdagi farqni oshirdi. «Tottenhem» hujumchisi bu vaziyata bir necha urinishdan keyingina to‘pga zarba bera olgandi. Yakunda «Tottenhem» g‘alabani saqlab qoldi va umumiy jadvalda «Manchester Siti» va «PSJ» kabi jamoalarni ortda qoldirib, 1/8 final bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun yaxshi imkoniyat saqlab qoldi. Tomas Frank esa hozircha ishdan bo‘shatilmaydi.

«Kopenhagen» – «Napoli» 1:1
Gollar:
Maktominay, 39 (0:1). Larsson, 72 (1:1)
Aniq ijro etilmagan penalti: Larsson, 72’
«Kopenhagen»: Kotarski, Gabriel Pereyra, Sudzuki, Lopes, Meling (Garananga, 81), Madsen (Klasson, 81), Dileyni, Ashuri (Klem, 63), Al-Yunussi, Kornelius (Larsson, 63), Dadason (Xatzidiakos, 36)
«Napoli»: Milinkovich-Savich, Buondjorno, Juan Jyezus, Di Lorenso, Maktominay, Lobotka, Guterres (Ambrozino, 75), Spinatssola (Olivera, 63), Elmas (Lukka, 81), Vergara (Lang, 63), Hoylund
Ogohlantirishlar: Al-Yunussi, 42. Klem, 90 – Hoylund, 40. Di Lorenso, 82
Chetlatish: Dileyni, 35

«Qayrat» – «Bryugge» 1:4
Gollar:
Stankovich, 32 (0:1). Vanaken, 38 (0:2). Verman, 74 (0:3). Mehele, 84 (0:4). Sadibekov, 90+2 (1:4)
«Qayrat»: Anarbekov, Martinovich, Sorokin, Luish Mata, Tapalov (Stanoyev, 79), Kasabulat (Abish, 79), Gleyzer (Sadibekov, 76), Jorjinio (Rikardinio, 75), Gromyko, Mrinskiy, Edmilson (Birkurmanov, 76)
«Bryugge»: Yakkers, Ordones, Mehele, Sabbe (Sike, 85), Vetlesen (Sandra, 64), Stankovich, Seys (Meyyer, 78), Borjyesh (Tresoldi, 78), Vanaken, Dyakon, Verman (Kempbell, 78)
Ogohlantirishlar: Sorokin, 80. Sadibekov, 90

«Olimpiakos» – «Bayyer» 2:0
Gollar:
Koshtinya, 2 (1:0). Torimiy, 45+1 (2:0)
«Olimpiakos»: Tzolakis, Pirola (Byankon, 74), Retsos, Ortega, Koshtinya, Esse, Muzakitis (Dani Garsiya, 74), Shikinyu (Skipioni, 82), Martinsh (Onemayechi, 79), Rodiney, Taremi (El-Kaabi, 74)
«Bayyer»: Blasvix, Andrix, Bade, Kuansa, Fernandes, Garsiya, Grimaldo, Vaskes (Tillman, 58), Poku (Kalbret, 81), Maza (Artur, 70), Kofane (Shik, 70)
Ogohlantirishlar: Retsos, 5. Torimiy, 73 – Kofane, 29

«Vilyarreal» – «Ayaks» 1:2
Gollar:
Oluvaseyi, 49 (1:0). Glux, 61 (1:1). Edvardsen, 90 (1:2)
«Vilyarreal»: Tenas, Marin, Veyga, Kardona, Mourinio, Komesanya, Partey (Parexo, 74), Moleyro (Byukenen, 46), Pepe (Moreno, 72), Oluvaseyi, Peres (Mikautadze, 72)
«Ayaks»: Yarosh, Bas, Bauman, Vayndal (Fits-Djim, 84), Goei, Reger (Itakura, 54), Mokio (Bunida, 71), Klassen, Gods, Glux (Edvardsen, 84), Dolberg (Ster, 71)
Ogohlantirishlar: Mourinio, 60. Parti, 71. Marin, 80 – Vayndal, 12. Bauman, 88

Umumiy guruh jadvalining birinchi qismidagi vaziyat:

Mavzuga oid