Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davosdagi taqdimot: O‘zbekiston ham rasman Tinchlik kengashiga qo‘shildi
Donald Tramp Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida o‘zining Tinchlik kengashini taqdimot qildi. Shu bilan birga bu kengashga qo‘shilishni istagan dunyoning 19 davlatidan prezident, bosh vazir va rasmiylar hujjatga imzo chekishdi. Ularning ichida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor.
Davosdagi diplomatik tadbir 1 soatcha davom etdi, taklif qilinganlar zalga chiqdi va Trampni kutib oldi. So‘zga chiqqan AQSh prezidenti esa o‘zining 1 yilligida yangi Tinchlik kengashini tuzayotganini yana bir marta e’lon qildi. Boshqa chiqishlari singari u hozirgacha tugatgan urushlariga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir qator nashrlar, shuningdek, Oq uy rasmiy sahifalarida jonli efirda namoyish etildi. Kengashning tuzilishiga G‘azoni tiklash tashabbusi asos bo‘lgan bo‘lsa-da, Trampning jamoasi buning ko‘lamini kengroq rejalaganga o‘xshaydi.
Kengash ishi Falastindan chetga ham chiqadi, kengroq makonni egallaydi, deb yozdi Al-Jazeera nashri ochilish marosimi haqidagi xabarida.
CNN’ning yozishicha, Trampning tadbiriga 20 ta ham davlat rahbari yig‘ilmadi. Lekin AQSh prezidenti hozirgacha BMTni tinimsiz tanqid qilsa-da, kengash ishida tashkilot bilan hamkorlik qilinishini aytdi.
Urushlardan vayron bo‘lgan G‘azoni tiklash haqida gapirganda esa hududni “go‘zal mulk” deya ta’rifladi.
Trampning nutqidan keyin kengashga qo‘shilish borasida hujjat imzolandi. Argentina, Bahrayn, Armaniston, Ozarboyjon, Vengriya, Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya, Mo‘g‘uliston, Pokiston va boshqa davlatlardan rasmiylar, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari imzolovchilar qatorida. Tramp har bir davlatdan kelganlar bilan imzolash paytida qisqa-qisqa suhbat ham qildi.
CNN’ning yozishicha, sahnadagi 19 rasmiy ichida AQShning kollektiv g‘arbdan doimiy ittifoqchilaridan hech kim yo‘q edi. Hujjatlar imzolanishi bilan ushbu davlatlar rasman kengash a’zosi bo‘ldi, Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt esa endi kengash rasman xalqaro tuzilma ekanini e’lon qildi.
Mohiyatan bu tuzilma BMTga muqobil bo‘lmoqda. Kengashga Trampning o‘zi raislik qiladi va unga umrbod a’zolik uchun mamlakatlarga bir milliard dollardan mablag‘ ajratish taklif qilinmoqda. Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish uchun 60 ga yaqin davlat, jumladan, Rossiya, Belarus va Ukrainaga ham takliflar jo‘natilgan. 20 yanvar kuni Aleksandr Lukashenko Yevropada birinchi bo‘lib Kengashga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagandi.
Shu bilan birga, Yevropaning bir qator davlatlari unga a’zo bo‘lishdan bosh tortmoqda, bunga Rossiya ham taklif etilgani sabab bo‘lmoqda.
Vladimir Putin Rossiya taklifnoma olganini tasdiqladi va Rossiya G‘azoni boshqarish organi sifatida tashkil etilgan Tinchlik kengashiga Rossiyaning AQShda bloklangan aktivlari hisobidan 1 milliard dollarni topshirishga tayyorligini ham aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Davosda yillik Jahon iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyodan yuzlab siyosatchi va siyosiy qarorlar qabul qiluvchilar jam bo‘lgan. Forum AQShning Grenlandiyaga da’volari va uning ittifoqchilariga bu yoqmayotgan bir davrda bo‘lib o‘tmoqda. Shuning uchun ham forumdagi asosiy muhokama mavzularidan biri shu.
Davosdagi aholi Trampni muhabbat bilan qarshi olgani yo‘q, unga qarshi qator namoyishlar ham bo‘lib o‘tmoqda. Trampning Davosda Yevropa yetakchilari va Ukraina prezidenti bilan ham uchrashuvi rejalangan. Makron esa unga Davosdan keyin Parijda yig‘ilish taklifini sms qilib jo‘natgan edi. Tramp esa buni hammaga e’lon qilib yubordi.
Mavzuga oid
21:50 / 22.01.2026
Shavkat Mirziyoyev Davosda bir qator davlatlar va kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi
17:25 / 22.01.2026
O‘zbekiston rasman Tinchlik kengashiga qo‘shildi
16:17 / 22.01.2026
Tramp Tinchlik kengashi nizomini imzoladi
15:33 / 22.01.2026