Jahon | 15:18
2466
2 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiya bo‘yicha bahs Ukrainaga ko‘mak haqidagi muzokaralarni izdan chiqardi

Yevropa va AQShning Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishga intilgani bilan bog‘liq bahsi sababli, “farovonlik rejasi” - Ukraina urushdan keyin tiklanishi uchun 800 milliard dollar jalb etishni ko‘zda tutuvchi reja bo‘yicha kelishuvni muvofiqlashtirish va imzolash barbod bo‘ldi. Bu haqda chorshanba kuni, 21 yanvarda Britaniyaning The Financial Times (FT) gazetasi olti nafar manbaga tayanib xabar berdi.

Foto: AP

Avvaliga “farovonlik rejasi” haqida Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumi (JIF)da e’lon qilish rejalashtirilgan edi. Bu yil forum 19–23 yanvar kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Shu yerning o‘zida AQSh, Yevropa va Ukraina vakillari o‘tkazgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha hujjatni kelishib olish ko‘zda tutilgan edi. Ammo hozir bu tadbirlar qoldirildi (keyinga surildi), deb yozadi FT.

“Hozir hech kim AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘ladigan kelishuv atrofida katta shov-shuvli sahna ko‘rinishi uyushtirish kayfiyatida emas”, — dedi nashr suhbatdoshlaridan biri. Uning aytishicha, Grenlandiya atrofidagi tortishuvlar va Amerika yetakchisi e’lon qilgan “Tinchlik kengashi” mavzusi Ukrainadagi urushni tartibga solish masalasini chetga surib qo‘ydi.

Yanvar oyi boshida OAV Vashington va Kiyev Ukraina urushdan keyin tiklanishi bo‘yicha 800 mlrd dollarlik kelishuvni imzolashga tayyorlanayotganini yozgan edi. Ta’kidlanishicha, bu JIF doirasida ro‘y berishi mumkin. Biroq shu bilan birga, imzolashning aniq sanasi belgilanmagani, chunki hujjat yana takomillashtirishni talab qilishi ham qayd etilgan.

20 yanvar kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy JIFga faqat AQSh bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha hujjatlar, shuningdek “farovonlik rejasi” imzolanadigan bo‘lsa, borishini aytdi. U buni Kiyev va mamlakatning boshqa hududlariga qarshi Rossiyaning navbatdagi ommaviy hujumidan keyin kelib chiqqan oqibatlarni bartaraf etish ishlarini davom ettirish zarurati bilan izohlagan.

Mavzuga oid