Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning tashqi savdosi: asosiy tendensiyalar
2025 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 81 mlrd dollardan oshdi. Bunda Xitoy va Rossiyaning ulushi 37 foizni tashkil qildi. Yil davomida mutlaq rekord – 9,9 mlrd dollarlik oltin sotildi. Ichki bozorda narxlarning qimmatlashishi fonida go‘sht importi 70 foizga oshdi. Taqchillikning ortib borayotganiga qaramay gaz eksporti davom ettirildi. Shuningdek, elektr toki sotuvi ham qiymat jihatdan 45 foizga oshib, 169 mln dollarga yetdi.
Foto: Kun.uz
2025 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 81,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 13,9 mlrd dollarga yoki 20,7 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 33,8 mlrd dollar (+24 foiz), import hajmi esa 47,3 mlrd dollar (+18,5 foiz) bo‘ldi. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 13,5 mlrd dollardan oshdi.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining eng katta qismi Xitoy (21,2 foiz), Rossiya (16 foiz) Qozog‘iston (6,1 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,1 foiz) bilan qayd etilgan.
2025 yilda 2024 yilga nisbatan yirik hamkor 20 ta davlatdan Janubiy Koreya (-14 foiz), Turkiya (-0,4 foiz), AQSh (-2 foiz) va Polsha (-2,3 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqardi. Qolgan 16 ta davlat bilan umumiy savdo hajmi sezilarli darajada ko‘paydi. Xususan, Shveytsariya (+84 foiz), BAA (+52,7 foiz), Afg‘oniston (+47,5 foiz), Qirg‘iziston (+37,1 foiz) va Hindiston (+33,3 foiz) kabi davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasida katta o‘sish qayd etilgan.
Umuman olganda, oxirgi yillarda asosiy hamkor davlatlardan Janubiy Koreya va Turkiya bilan savdo hajmi davomli tarzda qisqarib boryapti. Masalan, 2 yil ichida Koreya bilan bu ko‘rsatkich 26 foizga pasaygan.
Eksport
O‘tgan yilda 9,9 mlrd dollarlik (+32,3 foiz) oltin sotildi. Bu umumiy eksportning 29,3 foizini tashkil etadi. Oxirgi 3 oyda qimmatbaho metall eksporti amalga oshirilmagan. So‘nggi yillarda quyidagi qiymatdagi oltin sotuvi amalga oshirilgan:
- 2019 yil – 4,9 mlrd dollar (umumiy eksportning – 28,2 foizi);
- 2020 yil – 5,8 mlrd dollar (38,3 foiz);
- 2021 yil – 4,1 mlrd dollar (24,7 foiz);
- 2022 yil – 4,1 mlrd dollar (21,3 foiz);
- 2023 yil – 8,1 mlrd dollar (32,8 foiz);
- 2024 yil – 7,4 mlrd dollar (27,8 foiz).
Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (11,8 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,7 foiz), kimyoviy vositalar (6,3 foiz), turli xil tayyor buyumlar (5 foiz) va mineral yoqilg‘ilar (4,4 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘ldi.
Hisobot davrida 628,8 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 674 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (+18,6 foiz), 169 mln dollarlik elektr toki (+45,6 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan. Shuningdek, 357 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 13,8 foizga kam.
O‘zbekistonning asosiy eksport bozori Rossiya (12,8 foiz), Xitoy (7,3 foiz), Qozog‘iston (4,6 foiz), Afg‘oniston (4,5 foiz), Turkiya (3,4 foiz), Fransiya (2,6 foiz), Qirg‘iziston (2,3 foiz), BAA (2,1 foiz), Tojikiston (2 foiz) va Pokiston (1 foiz) davlati bo‘ldi. Ushbu mamlakatlarga umumiy eksportning 40 foiz qismi to‘g‘ri kelgan.

Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,8 foiz), sanoat tovarlari (15,3 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (11,8 foiz) hisobiga to‘g‘ri keldi.
2025 yilda 4,5 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,5 foizga ko‘p. Eng katta o‘sish go‘sht va go‘sht mahsulotlari (869 mln dollarlik) importida kuzatilgan – 70,6 foiz. O‘tgan yilda 1 mlrd 659 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu 2024 yilgi ko‘rsatkichning 98,8 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 1 mlrd 555 mln dollarlik (+5,8 foiz) benzin import qilingan.
Oxirgi yillarda gaz importi quyidagicha o‘zgardi:
- 2020 yil – 50,4 mln dollar;
- 2021 yil – 154,5 mln dollar;
- 2022 yil – 281,9 mln dollar;
- 2023 yil – 694,9 mln dollar;
- 2024 yil – 1 mlrd 679,7 mln dollar.

Yettita davlat, jumladan, Xitoy (31,2 foiz), Rossiya (18,3 foiz), Qozog‘iston (7,2 foiz), Turkiya (4 foiz), Koreya (3,5 foiz), Germaniya (2,7 foiz) va Hindistondan (2,4 foiz) jami importning 60 foizdan ko‘proq qismi amalga oshirilgan.
Mavzuga oid
14:40 / 21.01.2026
Jamshid Xo‘jayev Tojikiston qo‘yayotgan savdo cheklovlariga javob choralarini istisno qilmadi
09:10 / 11.01.2026
Navbatchi ustozlarga ish haqi va Boysunda neft buloqlari - hafta dayjesti
15:49 / 07.01.2026
Yengil avtomobil importida elektromobillar ulushi 70 foizdan oshdi
11:27 / 06.01.2026