Jahon | 15:05
1739
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Davosda: Yevropa noto‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa hukumatlarining siyosatini tanqid qildi. U chorshanba kuni, 21 yanvarda Davosda o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumi (JIF)da nutq so‘zlar ekan, Yevropa borgan sari “noto‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda”, deb bildirdi.

Foto: Denis Balibouse/REUTERS

Shu bilan birga, u Yevropa davlatlaridagi ommaviy immigratsiyaga ishora qildi va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishni noto‘g‘ri yo‘l deb atadi. “Men endi uni tanimay qoldim”, — dedi u Yevropa haqida gapirar ekan.

Amerika yetakchisi so‘nggi o‘n yilliklarda AQSh va Yevropada davlat xarajatlari oshib borgani hamda chetdan import ko‘payganini ham tanqid qildi. Trampning fikricha, Jo Baydenning oldingi ma’muriyati va ko‘plab boshqa g‘arb hukumatlari “millatlarni boy, qudratli va kuchli qiladigan narsalardan” yuz o‘girgan. “Natijada rekord darajadagi budjet va savdo kamomadlari, shuningdek insoniyat tarixidagi eng katta ommaviy migratsiya to‘lqini kelib chiqqan, o‘sib borayotgan suveren kamomad paydo bo‘ldi”, — dedi u.

Trampning aytishicha, Yevropa — “radikal so‘llar Amerikaga tiqishtirmoqchi bo‘lgan taqdir”ning namunasidir. Shu bilan birga, u Germaniya “2017 yilga nisbatan 22 foizga kam elektr energiyasi ishlab chiqaryapti”, elektr narxlari esa “64 foizga oshgan”, deb da’vo qildi va bunga oldingi hukumatlarni mas’ul, deb hisoblashini bildirdi.

Tramp, shuningdek, o‘zining “mamlakati uchun vayronkor bo‘lgan energetik siyosat”ni to‘xtatganini aytdi — u bu siyosat narxlarni oshiradi va bir vaqtning o‘zida ish o‘rinlari hamda zavodlarni dunyodagi eng katta ifloslantiruvchi davlatlarga ko‘chirib yuboradi, deb hisoblaydi.

Mavzuga oid