Jahon | 12:00
2088
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning “Tinchlik kengashi”ga 35 ga yaqin davlat qo‘shilishga rozi

AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilishga allaqachon taxminan 35 ta davlat rozilik bergan. Bu haqda chorshanba kuni, 21 yanvarda Reuters agentligi Oq uydagi ismi oshkor etilmagan yuqori lavozimli manbaga tayanib xabar qildi.

Foto: Denis Balibouse / Reuters

Taklifnomalar taxminan 60 davlat rahbarlariga yuborilgan, ular orasida Rossiya, Belarus va Xitoy ham bor. Reuters’ning yozishicha, ayrim davlatlar Tramp bilan munosabatlarni buzib qo‘ymaslik, uning “g‘azabini qo‘zg‘atmaslik” uchun taklifni rad etishga jur’at etolmayapti. Agentlik Davosda o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlaridan bo‘lgan 16 nafar siyosatchi va delegat bilan suhbatlashgan.

“Ayrim hududlardan bo‘lgan amaldorlar shaxsiy suhbatlarda Trampning ‘Tinchlik kengashi’ga qo‘shilishni tanlov emas, balki majburiyat sifatida qabul qilishini aytdi”, — deyiladi maqolada. G‘arbdan bo‘lgan delegatlardan biri Vashingtonning oshirilgan bojlari, Eron, Venesuela, G‘azo sektori va Grenlandiya bilan bog‘liq siyosatni eslatgan.

Kutilishicha, “Tinchlik kengashi”ning nizomi 22 yanvar kuni Davosda imzolanadi va yangi tuzilmaning raisi sifatida Donald Trampning o‘zi turibdi. Ijro qo‘mitasi tarkibiga, boshqalar qatorida, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Trampning kuyovi Jared Kushner va Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler kirishi kutilmoqda.

Reuters’ga ko‘ra, ayrim Yevropa yetakchilarini loyiha nizomida qaror qabul qilish vakolatlarining asosan Tramp qo‘lida jamlanishi tashvishlantirmoqda. Hujjat loyihasiga qaraganda, Tramp “kengash” raisi lavozimini deyarli umrbod saqlab qolishi mumkin: u faqat o‘z xohishi bilan yoki ijro qo‘mita a’zolarining bir ovozdan qabul qilgan qarori bilangina lavozimdan ketishi mumkin.

Shu bilan birga, Reuters’ga izoh bergan yevropalik diplomatning aytishicha, YeI davlatlari “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish masalasida o‘zaro maslahatlashadi, ammo yakuniy qarorni har bir davlat o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda mustaqil qabul qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 21 yanvarga qadar “Tinchlik kengashi” a’zosi bo‘lishga Argentina, Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Vengriya, Qozog‘iston, Marokash, BAA, Vetnam va boshqa bir qator davlatlar rozilik bergan.

Reuters xabar qilishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron taklifni rad etish niyatida. Fransiya TIV rahbari Jan-Noel Barroning tushuntirishicha, “Tinchlik kengashi” nizomi Fransiyaning, ayniqsa BMT oldidagi xalqaro majburiyatlari bilan mos kelmaydi.

Shvetsiya va Norvegiya ham “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilmaslikka qaror qilgan. Italiya va Germaniya esa hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Germaniya hukumatida esa bu tuzilma “keraksiz” deb tanqid qilingan.

“Qo‘shimcha xalqaro institutlarga ehtiyoj yo‘q. Bizda BMT bor, yangi organlar tuzish o‘rniga uni mustahkamlash kerak”, — dedi 21 yanvar kuni GFR vitse-kansleri va moliya vaziri Lars Klingbayl.

Mavzuga oid