Jahon | 08:33 / 23.01.2026
2268
5 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiya bo‘yicha sammit: YeI rahbarlari o‘z birdamligini ta’kidladi

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar davlat va hukumat rahbarlari Grenlandiya atrofidagi vaziyatga bag‘ishlangan favqulodda sammitda YeIning ushbu masalada namoyon etgan birdamligini yuqori baholadi va Donald Trampning uning siyosatiga qarshi chiqqanlarga nisbatan bojlar joriy etishdan voz kechishini olqishladi.

Foto: Omar Havana/AP/dpa/picture alliance

Yevropa Ittifoqi davlatlari davlat va hukumat rahbarlari payshanba kuni, 22 yanvarda Grenlandiya atrofidagi vaziyatga bag‘ishlangan favqulodda sammitda AQSh prezidenti Donald Trampning uning siyosatiga qarshi chiqqanlarga nisbatan oshirilgan bojlarni joriy etishdan voz kechish qarorini olqishladi va YeI davlatlarining umumiy manfaatlarni himoya qilishda birdamligi muhimligini ta’kidladi.

“YeI o‘z manfaatlarini himoya qilishda davom etadi va har qanday shantaj shaklidan o‘zini muhofaza qiladi”, — dedi Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta. Germaniya kansleri Fridrix Mers va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Grenlandiya taqdiri masalasida YeIning jipsligini yuqori baholadi. “Ma’lum bo‘ldiki, Yevropa tomonining birdamligi va qat’iyati haqiqatan ham natija berishi mumkin”, — dedi Mers.

Makron qayd etdiki, Yevropa birdam harakat qilsa, “o‘ziga hurmat bilan qarashga majbur qila oladi”. Shu bilan birga, u vaziyat “maqbul” bo‘lishiga qaramay, “hushyorlikni saqlash”ga chaqirdi.

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen bildirishicha, YeI yaqin orada Grenlandiya uchun investitsiyalar paketi taqdim etadi. “Biz YeIning Grenlandiya bilan munosabatlarini mustahkamlash ustida ishlayapmiz va shu doirada Yevropa komissiyasi tez orada keng qamrovli investitsiya paketi taqdim etadi”, — deya Reuters agentligi fon der Lyayyen bayonotini keltiradi.

Bundan tashqari, YeK rahbari ma’lum qilishicha, YeI mudofaa budjeti mablag‘larining bir qismini Arktikada foydalanish mumkin bo‘lgan uskunalarni xarid qilishga, jumladan Yevropa muzyorar kemasini olishga yo‘naltirmoqchi.

“Biz mintaqadagi Buyuk Britaniya, Kanada, Norvegiya, Islandiya va boshqalar kabi hamkorlar bilan xavfsizlik va mudofaa sohasidagi kelishuvlarimizni mustahkamlashimiz kerak. Grenlandiya uchun bu haqiqiy geosiyosiy zaruratga aylandi”, — dedi fon der Lyayyen.

Avvalroq, 21 yanvar kuni, AQSh prezidenti Donald Tramp Davosdagi Butunjahon iqtisodiy forumi (JIF)da Daniyaning avtonom hududi bo‘lgan Grenlandiyani AQShga harbiy yo‘l bilan qo‘shib olish niyati yo‘qligini aytgan edi. Shuningdek, u mazkur Arktika oroliga da’volariga qarshi chiqqan davlatlarga nisbatan oshirilgan bojlarni joriy etishdan voz kechishini ma’lum qildi. Bu bojlar 1 fevraldan kuchga kirishi kerak edi.

Tramp so‘zlariga ko‘ra, Davosda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda Grenlandiya bo‘yicha kelgusi kelishuv uchun “shartlar”ni kelishib olishga muvaffaq bo‘lgan. Ryutte esa tegishli muzokaralar mavzusi Rossiya va Xitoy tomonidan Grenlandiyaga iqtisodiy va harbiy “kirish imkoni”ning oldini olish bo‘lganini aytgan.

AFP agentligi muzokaralarga yaqin manbalarga tayanib yozishicha, Tramp va Ryutte 75 yil oldin tuzilgan — Grenlandiyada AQSh harbiy ishtirokiga oid kelishuvni qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Bryusselda ta’kidlashicha, u AQShga bu kelishuvni muhokama qilishni bir necha oy oldin ham taklif qilgan.

Bryusseldagi uchrashuvda Frederiksen Grenlandiyada AQSh harbiy xizmatchilarini uzoq muddatli joylashtirish tarafdori ekanini bildirdi. U Vashington bilan muzokaralarga tayyorligini ko‘rsatgan, biroq mamlakatining mustaqilligini ham alohida ta’kidlagan, deb xabar beradi AFP. Kutilishicha, 23 yanvar tongida Daniya hukumati vakillari Bryusselda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashadi.

YeIning favqulodda sammitida muhokama qilingan yana bir mavzu — Tramp tomonidan Falastin-Isroil va boshqa mojarolarni hal etish uchun tashkil etilgan “Tinchlik kengashi” bo‘ldi. Antoniu Koshta aytishicha, YeIda ushbu loyiha bo‘yicha “katta shubhalar” bor. Avvalo, gap bu organning vazifalari, uning raisi vakolatlari va “Tinchlik kengashi”ning BMT nizomi bilan mos kelishi haqida ketmoqda, dedi u.

Davosda Trampning “Tinchlik kengashi” nizomini imzolagan 19 davlat orasida Argentina va Vengriya ham bor. Biroq AQSh ishtirokka taklif qilgan ayrim davlatlar bu qadamdan tiyilgan, jumladan Germaniya. Hozirgacha Berlin “Tinchlik kengashi” haqida ehtiyotkorona fikr bildirib kelgan. Fransiya esa o‘z navbatida unga a’zo bo‘lishni oldindan istisno qilgan.

“Tinchlik kengashi” raisi — Donald Tramp. U shu maqomda yangi a’zolarni taklif qilishga oid qarorlar qabul qiladi va istalgan masala bo‘yicha ovoz berishda veto qo‘yishi mumkin. Kuzatuvchilar “Tinchlik kengashi” BMTga raqobat qiluvchi tashkilotga aylanib qolishidan xavotirda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid