Jahon | 14:42 / 23.01.2026
2963
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda qolgan afg‘onlar kompensatsiyadan ko‘ra ko‘chishni afzal ko‘ryapti

Pokistonda qolib ketgan afg‘onlarning katta qismi Berlinning bahsli taklifini rad etmoqda va Germaniyaga ko‘chib o‘tish bo‘yicha mamlakatning avvalgi hukumati boshlagan dasturlar doirasida ko‘chish huquqidan voz kechishni istamayapti. Bu Germaniya IIVning Bundestagdagi “yashillar” deputati Shaxina Gambir so‘roviga bergan javobidan kelib chiqadi, deb yozadi Süddeutsche Zeitung payshanba kuni, 22 yanvarda.

Foto: Julian Stratenschulte/dpa/picture alliance

Mazkur taklif taxminan 700 nafar afg‘onga yuborilgan. 2025 yil oxiriga kelib faqat 167 nafari uni qabul qilishga rozi bo‘lgan, 357 nafari esa rad etgan. Qolganlar hali qaror qabul qilmagan, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Germaniyaga ko‘chirish dasturlarida ishtirokini to‘xtatishga rozi bo‘lgan afg‘onlarga, holatga qarab, buning evaziga bir necha ming yevrogacha pul taklif qilingan.

AFP agentligi eslatishicha, Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan toliblar hukumatida ishlovchi amaldorlar 18 yanvar kuni Kobuldagi Safe House muassasasida tintuv o‘tkazgan. U yerda Germaniyadan ko‘chib o‘tishga ruxsat olgan 79 nafar afg‘on joylashtirilgan edi. Endi Germaniyadagi muxolif partiyalar mamlakat kansleri Fridrix Mers va IIV rahbari Aleksander Dobrindtdan afg‘onlarni qabul qilish dasturlarini bekor qilish haqidagi qarorni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Shaxina Gambirning fikricha, ushbu tintuvlar jabrlanuvchilarga haqiqiy xavf tahdidi borligini ko‘rsatdi va ularni zudlik bilan samolyotlar orqali Kobuldan Germaniyaga olib chiqish kerak.

2021 yilda toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olganidan keyin, Germaniyaning o‘sha paytdagi hukumati Bundesver yoki boshqa nemis muassasalarida ishlagan afg‘onlarga Germaniyaga ko‘chib o‘tish uchun ruxsatnoma bergan. Shuningdek, boshqa toifadagi fuqarolarga ham bunday ruxsatlar berilgan — xususan, ayollar huquqi himoyachilari va inson huquqlari sohasidagi faollarga. Hozirgacha ushbu dasturlar orqali Germaniyaga bir necha yuz nafar afg‘on olib ketilgan.

Biroq Germaniyada hukumat almashganidan keyin afg‘onlarni qabul qilish dasturlari keskin cheklangan. Natijada, vatanini tark etib Pokistonga o‘tib ketishga ulgurgan taxminan 450 nafar afg‘on o‘sha yerda qolib ketgan. 2026 yil boshida Pokiston ularni vatanga qaytarib yubormaslik majburiyatini olgan kelishuv muddati tugagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid