Jahon | 10:30
3226
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin: urush tugashi kerak

Shveytsariyaning Davos shahrida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va AQSh prezidenti Donald Tramp uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Oq uyning payshanba kuni, 22 yanvarda bildirishicha, Jahon iqtisodiy forumi (JIF) doirasidagi muzokaralar taxminan bir soat davom etgan.

Foto: REUTERS

Uchrashuvdan so‘ng Tramp jurnalistlarga Zelenskiy bilan uchrashuv “yaxshi” o‘tganini aytdi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qanday xabar yo‘llamoqchi ekani haqidagi savolga javoban, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tugashi kerakligini bildirdi. Shuningdek, Tramp har ikki tomon ham tinchlikni istashini ta’kidladi.

Tramp Davosda bir kun oldingi nutqida Zelenskiy bilan uchrashish rejasi borligini aytgan va Ukraina prezidenti kelishuv tuzishga tayyor, degan ishonchini bildirgan. “Menimcha, biz bunga juda yaqin keldik, deb ayta olaman”, — degan u. AQSh prezidenti deyarli to‘rt yildan beri davom etayotgan Ukrainadagi urushni to‘xtatish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

Zelenskiyning Tramp bilan uchrashuvi AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushnerning Moskvada RF prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralari oldidan bir necha soat avval bo‘lib o‘tgan.

Zelenskiyning o‘zi 20 yanvar kuni Rossiya havo hujumlari davom etayotgani sababli Ukrainada ko‘plab shoshilinch ishlar borligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Shveytsariyaga faqat imzolash uchun hujjat tayyor bo‘lsa yoki, jumladan, havo mudofaasi vositalarini yetkazib berish bo‘yicha yangi, aniq yordam va’dalari paydo bo‘lgan taqdirda boradi.

Mavzuga oid