Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevroparlamentda fon der Lyayyenga ishonchsizlik votumi o‘tmadi
Yevroparlamentda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyenga nisbatan navbatdagi ishonchsizlik votumi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Payshanba kuni, 22 yanvarda 390 nafar yevrodeputat tashabbusga qarshi ovoz berdi, uni faqat 165 nafari qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa fon der Lyayyenga ishonchsizlik bildirish uchun zarur bo‘lgan - ovozlarning uchdan ikki qismi (2/3) yig‘ilmadi.
Fransiyadagi o‘ng populistlar yetakchisi Jordan Bardella va uning “Yevropa uchun vatanparvarlar” guruhiga kiruvchi boshqa deputatlar fon der Lyayyenga ishonchsizlik votumini YeIning Janubiy Amerika davlatlari — Merkosur birlashmasiga kiruvchi mamlakatlar bilan imzolagan savdo kelishuvi sababli ovozga qo‘ydi. Ularning fikricha, YeK rahbari “Yevropa fermerlari va fuqarolari fikrini hanuz inkor etmoqda”. Ularning rezolyutsiyasini boshqa o‘ng populistlar bilan birga Germaniyadagi o‘ta o‘ng “Germaniya uchun muqobil” (AfD) partiyasining uch deputati ham qo‘llab-quvvatlagan.
Ursula fon der Lyayyen muhokamada ishtirok etmadi — ishonchsizlik votumining asosiy tashabbuskori Bardella ham zalda bo‘lmagan. Bu — joriy chaqiriqdagi Yevroparlamentda fon der Lyayyenga nisbatan to‘rtinchi bor o‘tkazilgan va yana muvaffaqiyatsiz chiqqan ovoz berishdir.
Oktyabr boshida fon der Lyayyenga nisbatan ikki ishonchsizlik votumi o‘tmagan edi: biri So‘l fraksiya tashabbusi bilan, ikkinchisi esa “Yevropa uchun vatanparvarlar” fraksiyasidagi o‘ta o‘ng deputatlar tomonidan kiritilgan. O‘ng populistlar o‘z murojaatida, jumladan, iqlimni himoya qilish siyosati va migratsiya siyosatiga oid tanqidlarni keltirgan. Shuningdek, ular fon der Lyayyenni harakatlarida yetarli shaffoflik yo‘qligi va senzurada ayblagan. So‘l fraksiya esa YeK rahbarini AQSh prezidenti Donald Tramp bilan “falokatli bojxona kelishuvi” uchun tanqid qilgan.
Iyul oyida ham ishonchsizlik votumi o‘tmagan edi — u rumin deputati George Piperaye tomonidan “Yevropalik konservatorlar va islohotchilar” (ECR) guruhi nomidan kiritilgan, bu guruhga Italiya, Polsha, Fransiya va Ispaniyadagi o‘ta o‘ng partiyalar kiradi. Sabablardan biri sifatida pandemiya davrida vaksinalar xaridi masalasida fon der Lyayyenning Pfizer rahbari bilan yozishmalari atrofidagi mojaro tilga olingan. Shuningdek, murojaat muallifi Yevrokomissiyani Ruminiyadagi prezident saylovlariga aralashishda ayblagan va YeIning mudofaa xarajatlarini moliyalash dasturiga qarshi chiqqan.
Yevrokomissiya rahbariga ishonchsizlik bo‘yicha ovoz berishlar juda kam uchraydi. Fon der Lyayyenga qarshi votumlardan oldin bunday holat oxirgi marta 2014 yilda bo‘lgan — o‘shanda Yevroparlamentdagi o‘ng populistlar Jan-Klod Yunkerga ishonchsizlik masalasini ko‘targan, ammo tashabbus yetarli qo‘llab-quvvatlov olmagan.
Mavzuga oid
10:56 / 21.02.2026
“Chaqirishsa, Britaniya darhol yordamga keladi” – Starmer va Lyayyen Yevropani kurashga tayyor turishga chaqirdi
11:53 / 12.02.2026
Yevroparlament Ukraina uchun 90 mlrd yevro kreditni ma’qulladi
14:36 / 11.02.2026
Yevroparlament 2040 yilgacha YeIning iqlim maqsadlari haqidagi qonunni qabul qildi
09:48 / 11.02.2026