O‘zbekiston | 08:21 / 23.01.2026
3071
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l sohasida yangi bosqich: 86 ta nazorat shoxobchasi o‘rnatiladi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, respublikadagi yo‘llarning 42 371 kilometri umumiy foydalanishdagi, 142 225 kilometri esa shahar va aholi punktlari ko‘chalaridan iborat. 2025 yilda 4 318 ta obektda yo‘l ishlari amalga oshirilgan.

Respublikada jami 184 596 km avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shundan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari 42 371 kmni, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari esa 142 225 kmni tashkil etadi. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot kotibi Nilufar Jumayeva ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda 4 318 ta obektda jami 15 trln 758 mlrd so‘m miqdorida yo‘l ishlari bajarilgan. Natijada 21 553 km avtomobil yo‘llari hamda 320 ta ko‘prik inshootlari rekonstruksiya qilinib, ta’mirlangan.

Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar doirasida 300,3 mln dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, 213,1 km yo‘l rekonstruksiya qilingan. Shu bilan birga, yo‘l ishlarida “resurs usuli”dan voz kechilib, sifat va hajm ko‘rsatkichlarini nazarda tutuvchi “hajm usuli”ga o‘tilgan.

Shuningdek, sohaga oid 42 ta standart va me’yoriy hujjatlar ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ishlab chiqilgani aytildi.

Yo‘llarda yuk avtomobillarining vazni va hajmini nazorat qiluvchi 86 ta o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lib, shundan 41 tasi bo‘yicha g‘olib tadbirkorlar aniqlangan.

Aholi va yo‘llardan foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida bir qator obektlar foydalanishga topshirilgan. Jumladan, Xiva shahrida 550 metr uzunlikdagi yerosti avtomobil yo‘li qurilib ishga tushirilgan. Bekobod tumanida Do‘stlik va Yangiovul mahallalarini bog‘lovchi Sirdaryo daryosi ustidagi 200 p/m ko‘prik, shuningdek unga olib boruvchi 6 km avtomobil yo‘li foydalanishga topshirilgan.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida Islom Karimov ko‘chasini M-39 magistral yo‘liga bog‘lovchi yangi yo‘nalishdagi 4 km avtomobil yo‘li va 700 p/m yo‘l o‘tkazgich qurilib, aholi uchun ochilgan. Maxtumquli ko‘chasidan Yangi O‘zbekiston bog‘i chorrahasigacha bo‘lgan qismda 6,7 km avtomobil yo‘li hamda Olimpiya shaharchasiga tutash hududlarda 21 km sport yo‘lakchalari qurilgan.

Bundan tashqari, Bo‘stonliq tumanida “Toshkent—Bo‘stonliq” avtomobil yo‘lida yerosti piyodalar o‘tish tunneli qisqa muddatlarda (48 soat) qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid