O‘zbekiston | 13:16
469
2 daqiqa o‘qiladi

Chakana va ulgurji savdoda o‘sish tendensiyasi davom etmoqda

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda chakana va ulgurji savdo sohalarida barqaror o‘sish qayd etildi. Savdo aylanmasi ortishi bilan birga, sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar soni ham ko‘paymoqda.

2025 yil yakuni bo‘yicha respublikada chakana savdo tovar aylanmasi 482,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,2 foizga o‘sgan. Mutaxassislar ushbu o‘sishni aholi daromadlarining ortishi, iste’mol bozori faollashuvi hamda savdo infratuzilmasining rivojlanishi bilan izohlamoqda.

1 yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda chakana savdo sohasida faoliyat yuritayotgan tijorat korxonalari soni 86 180 tani tashkil etdi. Bu esa ushbu sohaning iqtisodiyotda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.

Ulgurji savdo segmentida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Xususan, 2025 yilda ulgurji savdo tovar aylanmasi 543,3 trln so‘mga yetdi va o‘tgan yilga nisbatan 12,5 foiz o‘sish qayd etildi. 1 yanvar holatiga respublika bo‘ylab ulgurji savdo sohasida 51 667 ta tijorat korxonalari faoliyat yuritmoqda.

Chakana va ulgurji savdoda kuzatilayotgan o‘sish mamlakatda tadbirkorlik muhitining yaxshilanishi, ichki bozorda raqobatning kuchayishi hamda logistika tizimining rivojlanishi bilan bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida iqtisodiy faollikni oshirib, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Mavzuga oid