Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Korrupsiyaga qarshi agentlikka qanday yangi vakolatlar berildi?
DXX raisi Bahodir Qurbonov o‘tgan haftadagi chiqishida korrupsiyani O‘zbekiston uchun eng asosiy 4 ta tahdiddan biri deb ko‘rsatgan edi. Xo‘sh, bu baloni daf qilish nimalar qilinishi kutilyapti? Prezident farmoni bilan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘zgarishlar belgilab berildi.
Katta loyihalar – lupa ostida
Farmon asosida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yangi vakolatlar berildi.
Jumladan, agentlik bundan buyon xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda korrupsiyaviy omillar, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va oldini olishga mas’ul bo‘ladi.
Tashqi manbalar hisobidan qilinadigan loyihalar ko‘pincha mayda-chuyda emas, millionlab yoki milliardlab dollarlik yirik loyihalar bo‘lishini inobatga olsak, bu – Agentlikning yangi vakolatlari ichida eng muhimlaridan biri ekani oydinlashadi.
Yashirin hujjatlar
Berilgan topshiriqqa ko‘ra, Agentlik vazirlar, hokimlar va boshqa mansabdorlar chiqarayotgan qarorlar va buyruqlarning keng jamoatchilikdan asossiz ravishda yashirib qo‘yilishiga chek qo‘yishi kerak. Bu yerda gap E-qaror tizimi haqida ketyapti. Farmon bilan, Akmal Burhonov rahbarligidagi idoraga E-qaror tizimida ochiqlik to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirlar choralarni qo‘llash vakolati berildi.
“Respublika va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni E-qaror elektron tizimida asossiz ravishda e’lon qilmaslik – davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb hisoblanadi hamda tegishli javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi”, – deyiladi farmonda.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi amaldagi normativ hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish jarayonini muvofiqlashtirish vakolatini ham oldi. Bungacha agentlik asosan yangi ishlab chiqilayotgan hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazib kelayotgan edi. Endi esa, allaqachon qabul qilingan va hozir amal qilib kelayotgan minglab hujjatlar ham ekspertizaga tortilishi mumkin. Ularda korrupsion xavf-xatarlar aniqlangan taqdirda, Agentlik bu haqda Prezident administratsiyasiga axborot kiritadi.
Yuqoridagilardan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi – davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga eng moyil jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha minimal talablarni ishlab chiqish, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi milliy menejment tizimini joriy etish bo‘yicha ham vakolatli idora etib belgilandi.
So‘ralgan ma’lumot berilishi shart
Farmonda yozilishicha, bundan buyon Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi so‘ragan ma’lumotlarni taqdim etmaslik yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish – Agentlikning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish deb baholanadi.
Shuningdek, Agentlik biror bir tizimda korrupsion xavfni ko‘rgan taqdirda, o‘sha tizimdagi eng yuqori turuvchi mas’ul idoraga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish huquqini oldi.
Himoya orderi
Korrupsion holatlar haqida xabar bergan shaxslarni Agentlik o‘z himoyasiga olishi ko‘zda tutilyapti. Ya’ni agar kimda kim korrupsiya haqida xabar bersa, Agentlik tomonidan uni ta’qib va tazyiqlardan himoya qilish uchun himoya orderini berish amaliyoti joriy qilinadi.
Himoya orderining real ahamiyati nimadan iborat bo‘lishi, u qancha muddatga berilishi va boshqa masalalarga tegishli normativ hujjatda aniqlik kiritiladi. Hujjat loyihasi 2026 yil may oyida tayyor bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ichki nazorat bo‘linmalari
Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida davlat organlari va tashkilotlaridagi ichki nazorat bo‘linmalariga alohida urg‘u berilyapti. Farmonga ko‘ra, bu bo‘linmalarning faoliyati Agentlik bilan uzviy hamkorlikda tashkil etiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ichki bo‘linmalarining rahbarlari va xodimlari faoliyatiga samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) qo‘llanilmaydi. Ularga KPI'ga bog‘langan ustamalar maksimal miqdorda to‘lanadi. Ularni intizomiy javobgarlikka tortish uchun Agentlikning roziligi kerak bo‘ladi.
Agar Agentlik biror bir tashkilotda korrupsiya xavfi yuqori deb hisoblasa, o‘sha tashkilotdagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasini kengaytirib, qo‘shimcha xodimlar qo‘shishi mumkin. Qo‘shimcha xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish Agentlik direktorining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
“Raqamli komplayens”
Farmonga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Buning uchun “Raqamli komplayens” nomli dasturiy majmua yaratilib, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari shu majmuaga integratsiya qilinadi.
Bu orqali Agentlik faoliyati axborot jihatdan ta’minlanadi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati to‘liq raqamlashtiriladi.
“Raqamli komplayens” 2026 yil 1 iyuldan boshlab sinov rejimida ishga tushirilishi va yil oxirigacha to‘liq rejimda ishlay boshlashi kerak. Bu dasturiy majmuaga zarur axborot tizimlarini integratsiya qilishga asossiz qarshilik ko‘rsatish – Agentlikning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish deb baholanadi.
Ko‘krak nishoni
Ko‘plab tashkilotlar qatori endi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida ham faollarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlash imkoniyati bo‘ladi. Bu nishon “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” deb ataladi va u Agentlik direktorining buyrug‘i bilan, har yili 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni arafasida o‘z egalariga topshiriladi.
Mukofot korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan davlat xizmatchilari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va faol fuqarolarga beriladi. Nishon bilan birga, moddiy rag‘bat ham bo‘ladimi-yo‘qmi, bunisi hozircha ma’lum emas.
Mavzuga oid
19:54 / 21.01.2026
Andijon viloyati hokimining 7 yilga qamalgan sobiq o‘rinbosari Botirjon Hamroyev ozodlikka chiqdi
08:36 / 21.01.2026
Toshkent shahar hokimining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari tayinlanadi
18:45 / 15.01.2026
O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi nima qilmoqchi? Yangi choralar tasdiqlandi
19:16 / 14.01.2026