Jamiyat | 18:07
11097
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda «Eshon» laqabli bezori qo‘lga olindi

U o‘z atrofiga jinoyatchilikka moyil shaxslarni yig‘ib, Namangan shahri hududida tovlamachilik va bezorilik jinoyatlarini sodir etgan, shuningdek, fuqarolar o‘rtasidagi pul oldi-berdi masalalarini hal qilib berish bilan shug‘ullangan.

Foto: Videodan kadr

Huquq-tartibot organlari tovlamachilik va zo‘ravonlik bilan shug‘ullangan jinoiy uyushma faoliyatiga chek qo‘ydi. Guruh tashkilotchisi Namangan shahrida yashovchi, muqaddam bir necha bor sudlangan shaxs bo‘lgan.

«Avval ham firibgarlik va bezorilik jinoyatlarini sodir etib, jazo olganiga qaramasdan, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa qilmagan shaxs yana jinoyatga qo‘l urdi», – deyiladi Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabarida.

U yon-atrofiga jinoyat sodir qilishga moyil bo‘lgan bir necha shaxslarni yig‘ib, ular bilan til biriktirgan holda Namangan shahri hududida tovlamachilik va bezorlik jinoyatlarini sodir etib, fuqarolar o‘rtasidagi pul oldi-berdi masalalarini kuch ishlatish yo‘li bilan hal qilib kelgan.

Ma’lum qilinishicha, qo‘lga olingan 28 yoshli Bahriddin Zayniddin o‘g‘li Nasriddinov muqaddam Jinoyat kodeksining 277-moddasi birinchi, 168-moddasi 4-qismi, 228-moddasi 3-qismi hamda 277-moddasi 2-qismi bilan sudlangan.

Tergov materiallariga ko‘ra, Bahriddin Nasriddinov jinoiy sheriklari bilan birgalikda Namangan shahrida yashovchi tanishini Barkamol avlod mahallasi hududiga chaqirib, uni ko‘cha yechimlarida («razborka») ishtirok etmayotgani, chaqirgan vaqtida kelmayotgani va boshqa bahonalarni vaj qilib, uning badaniga qo‘li va o‘tkir kesuvchi jism bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Namangan viloyati sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining chap yelka qismida kesilgan va sanchilgan jarohatlar borligi aniqlangan. 

«Yetakchilikka intilgan, o‘zini “Eshon” laqabi bilan tanitib, go‘yoki ko‘cha ishlarini hal qilib, fuqarolarga nisbatan bosim o‘tkazib, noqonuniy faoliyat yuritib kelgan ushbu shaxs protsessual tartibda qo‘lga olinib, unga nisbatan Namangan shahar ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», – deyiladi xabarda.

Ichki ishlar organlari mazkur shaxsdan jabr ko‘rgan fuqarolarni Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasiga, hududiy ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga xabar berishni so‘ragan. Murojaat qilgan shaxslarning ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.

Mavzuga oid