Iqtisodiyot | 11:23
1481
2 daqiqa o‘qiladi

5 grammli oltin quymasining narxi 10 million so‘mdan oshdi

O‘zbekiston bozorida oltin quymalar narxi 1 gramm uchun 2 mln so‘mga yetdi. 2025 yil boshidan beri narx oshishi 16 foizni tashkil etyapti. Jahon bozorida ham oltin bahosi sezilarli darajada qimmatlab, 1 unsiyasi uchun 5100 dollarga yaqinlashdi.

Markaziy bank doimiy ravishda o‘lchovli oltin quymalarining narxlarini yangilab boradi. 26 yanvarda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 5 grammli oltin quymasining narxi 10 mln 36 ming so‘mni tashkil qildi. Quymalar narxi 1 gramm uchun 2 mln 7 ming so‘mga baholanyapti.

2026 yilning boshidan beri oltin quymalar qariyb 16 foizga qimmatlashdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy banki oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarni 2018 yilda muomalaga chiqargan. 2020 yil noyabridan boshlab esa o‘zbekistonliklarda jamg‘armalarini quyma oltin shaklida saqlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi: Markaziy bank 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.

Oltin quymalari narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.

100 grammli oltin quymalar O‘zbekistonda 2025 yil 17 yanvardan boshlab sotuvga chiqarilgan.

Jahon bozorida ham qimmatbaho metall bahosi unsiyada allaqachon 5000 dollardan oshib, yangi psixologik nuqta — 5100 dollarga yaqinlashyapti. Narxlarni rag‘batlantirayotgan asosiy omillar sifatida geosiyosiy keskinlikning saqlanib qolayotgani, AQSh dollarining zaiflashuvi va Federal zaxira tizimi (FZT) foiz stavkalarini pasaytirishi mumkinligi haqidagi kutilmalar keltirilyapti.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid