Jahon | 19:40 / 26.01.2026
6247
7 daqiqa o‘qiladi

AQShda kuchli qor bo‘roni – fotosuratlar

Mamlakatning yarmini qor qoplagan. Yuz minglab kishilar elektrsiz qolgan, ko‘plab shtatlarda transport kollapsi yuzaga kelgan. 16 mingdan ortiq aviareys bekor qilingan – bunaqasi kovid pandemiyasi davridan buyon kuzatilmagandi.

Foto: Andres Kudacki/Getty Images

AQShga «Fern» nomini olgan qor bo‘roni yopirildi. Avvaliga mamlakat janubi muzdek yomg‘ir va qor ostida qolgan. Qator shtatlarda qor qoplami balandligi 30 santimetr va undan ortiqroqqa yetgan. Keyin esa mamlakat markaziy va shimoli-sharqiy qismida – Kolorado, Illinoys, Indiana, Missuri, Nyu Jyersi, Nyu York va Pensilvaniyada ham kuchli qor yog‘gan. Nyu Yorkdagi Markaziy xiyobonga 35,5 santimetr qalinlikdagi qor tushgan – bu 1905 yildan buyon qayd etilgan kunlik rekord sanaladi, deya yozgan CNN shtat Milliy meteorologiya xizmati ma’lumotlariga tayanib.

200 milliondan ortiq amerikaliklarga ekstremal ob-havo haqidagi ogohlantirish yuborilgan. Qator shtatlarda muzlash oqibatida yiqilgan daraxtlar elektr uzatish liniyalarini shikastlagan. 25 yanvar tongiga kelib milliondan ortiq kishi svetsiz edi, deb xabar bergan CNN va Reuters elektr energiya o‘chirilishi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boruvchi PowerOutage.us sayti ma’lumotlariga tayanib.

Amerika siyosatining yuragi – Vashingtondagi Kapitoliy tepaligidagi Kongress binosi ham noqulay ob-havo hukmronligi ostida qolgan. Foto: CQ-Roll Call, Inc via Getty Images

Nyu York gubernatori Keti Hochul Nyu York shahrida, Long-Aylendda va Gudzon vodiysida bo‘ron oqibatlarini bartaraf etishda yordam ko‘rsatish uchun Milliy gvardiya qo‘shinlari safarbar etilganini ma’lum qildi. Ko‘plab shtatlarda maktablar, bolalar bog‘chalari, jamoat kutubxonalari yopilgan. AQSh prezidenti Donald Tramp bo‘ronni «tarixiy» deb atagan va qator shtatlarda tabiiy ofat tufayli favqulodda holat e’lon qilinishini ma’qullagan.

Nyu York shahri meri Zoran Mamdani yakshanba kuni aholini uyda qolishga chaqirgan. «Shahrimizda kuchli qor yog‘moqda va men uyda qolish, uzoqroq uxlash yoki jamoat kutubxonasi taklifidan foydalanish uchun yaxshiroq sabab o‘ylab topa olmayapman: kitobxonlik chiptasiga ega bo‘lgan har bir kishi uchun elektron yoki audio kitob shaklidagi „Qaynoq raqobat“dan bepul foydalanish mumkin», – degan u.

Dam olish kunlarida butun mamlakat bo‘ylab 16 mingdan ortiq aviareys bekor qilingan va 20 mingga yaqini qoldirilgan. Flight Aware servisiga ko‘ra, aviakompaniyalar birgina 25 yanvarning o‘zida 12 ming atrofidagi reysni bekor qilishgan. CBS News bu koronavirus pandemiyasi haqida e’lon qilingan 2020 yil martidan buyon eng ko‘p reyslar bekor qilinishi bo‘lmoqda.

Ko‘plab aeroportlar faoliyati falaj holatga kelgan
Foto: AFP via Getty Images

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘ron va uning oqibatlari tufayli kamida 14 kishi halok bo‘lgan. Tennessi, Kanzas, Nyu York, Texas, Luiziana va Michigan shtatlari rasmiylari noqulay ob-havo oqibatida ro‘y bergan o‘limlar haqida xabar qilgan.

Meteorologlar «Fern» bo‘ronini keng tarqalayotgani tufayli noyob bo‘ron deb atagan. «U Nyu Meksika va Texasdan Yangi Angliyaga qadar bo‘lgan hududlarni qamrab oldi – ya’ni gap taxminan 2000 milya (3200 kilometr atrofida) haqida ketmoqda», – deydi Milliy meteoxizmatlar meteorologi Ellison Santorelli.

Dushanba kuni ertalab ham Yangi Angliyaning shimoliy qismida, mamlakat shimoli-sharqida va Appalachi tog‘larining ba’zi hududlarida bo‘ron davom etayotgandi. CNN ma’lumotiga ko‘ra, 27 yanvarga o‘tar kechasigacha qor yog‘ishi kutilmoqda. Meteorologlar keyingi kunlarda «transport va infratuzilma uchun xavfli oqibatlar»ga olib kelishi mumkin bo‘lgan juda past harorat kuzatilishi kutilayotganidan ogohlantirgan. 

Nyu Yorkdagi qor bo‘roni, 2026 yil 25 yanvar
Laura Brett / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Bruklindagi qor kurovchi, Nyu York, 2026 yil 25 yanvar
Olga Fedorova / EPA / Scanpix / LETA
Nyu Yorkdagi Oltinchi avenyuda kuchli qor bo‘roni vaqtida harakatlanayotgan piyodalar, 2026 yil 25 yanvar
Charly Triballeau / AFP / Scanpix / LETA
Nyu Yorkda velosipedini yetaklab ketayotgan kurer, 2026 yil 25 yanvar
Debra L. Rothenberg / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Nyu York, 2026 yil 25 yanvar
John Marshall Mantel / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Nyu York fond birjasi binosi oldidagi holat, 2026 yil 25 yanvar
Zhang Fengguo / Xinhua / ZUMA Press / Scanpix / LETA
Vashingtondagi Milliy alleyada qorbo‘ron o‘ynayotgan kishilar, 2026 yil 25 yanvar
Mehmet Eser / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Aleksandriyadagi Wegmans do‘konining bo‘shab qolgan tokchalari, Virjiniya shtati, 2026 yil 22 yanvar
MPI34 / Capital Pictures / Scanpix / LETA
Vashingtondagi do‘konlarda bo‘ron arafasida tokchalar bo‘shab qolgandi, 2026 yil 23 yanvar
Brendan Smialowski / AFP / Scanpix / LETA
Nyu Yorkdagi La-Guardiya aeroportida bekor qilingan reyslar ko‘rsatilgan tablo, 2026 yil 25 yanvar
Michael Nagle / Bloomberg / Getty Images
Luisvilldagi Cheroki xiyobonida qorli qiyalikda chanada uchayotgan odamlar, Kentukki shtati, 2026 yil 25 yanvar
Jon Cherry / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Pitsburg markazidagi PNC Park stadioni atrofida «Pitsburg Payrets» beysbolchisi Bill Mazeroskining haykali, 2026 yil 25 yanvar
Gene J. Puskar / AP / Scanpix / LETA
Kentukki shtatining Luisvill shahri markazida qorli chorraha. 2026 yil 25 yanvar
Jon Cherry / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Foto: Andres Kudacki/Getty Images
Foto: Zuma/TASS
Foto: Andres Kudacki/Getty Images
Foto: Andres Kudacki/Getty Images

 

Bu qor uyumi emas, balki Massachusets shtati hukumati yo‘llarda muzni eritish uchun ishlatmoqchi bo‘lgan tuz tog‘i.
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев

Mavzuga oid