Jahon | 10:58 / 26.01.2026
2081
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada “FTBga o‘xshash” politsiya xizmati paydo bo‘ladi

Angliya va Uelsda terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va firibgarlikka qarshi kurashni o‘z zimmasiga oladigan yangi Milliy politsiya xizmati tashkil etilmoqda. Uni “britancha FTB” deb atashmoqda.

Foto: Global Look Press

Buyuk Britaniya hukumati yangi Milliy politsiya xizmatini (National Police Service, NPS) tashkil etadi. U terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va firibgarlik kabi eng og‘ir jinoyat turlarini tergov qilish bilan shug‘ullanadi. Bu haqda 23 yanvar kuni jurnalistlarga ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Londonda AQShning Federal tergov byurosi (FTB)ga o‘xshatilgan bu yangi idora Jinoyatchilikka qarshi milliy agentlik (National Crime Agency, NCA)ning vazifalarini — masalan, narkotiklar kontrabandasi va odam savdosi kabi jinoyatlarga qarshi kurashishni milliy darajadagi boshqa tuzilmalar vazifalari bilan birlashtiradi. Bular qatoriga terrorizmga qarshi bo‘linmalar va yo‘l (transport) politsiyasi ham kiradi.

NPS asosan Angliya va Uels hududini qamrab oladi, ammo butun Buyuk Britaniya bo‘ylab ham ishlay oladi. Jumladan, u standartlarni belgilashi, politsiya xodimlarini o‘qitishi, shuningdek yangi texnologiyalarni — masalan, yuzni tanib olish funksiyasiga ega kameralarni xarid qilishi mumkin.

Xizmatga jinoyatchilikka qarshi milliy komissar rahbarlik qiladi va u Buyuk Britaniya huquqni muhofaza qilish tizimidagi eng yuqori lavozimli amaldorga aylanadi. Hozirda bunday maqom London Metropoliten politsiyasi rahbariga tegishli.

Milliy politsiya xizmati tashkil etilishi huquqni muhofaza qilish tizimidagi keng ko‘lamli islohotning bir qismi bo‘ladi. Britaniya hukumatining bahosiga ko‘ra, bu — 1829 yilda Robert Pil tomonidan ilk professional politsiya xizmatiga asos solinganidan beri politsiyadagi eng katta o‘zgarishlardan biri. Islohotning batafsil tafsilotlarini hukumat dushanba, 26 yanvar kuni taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Mahmud “politsiyaning hozirgi ishlash modeli boshqa asr uchun ishlab chiqilgan”ini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NPS “dunyo miqyosidagi iqtidorlar va eng zamonaviy texnologiyalar”dan foydalanib, xavfli jinoyatchilarni qidirib topish va qo‘lga olishga xizmat qiladi.

Hozirda Angliya va Uelsda 43 ta politsiya boshqarmasi mavjud bo‘lib, Reuters agentligi yozishicha, ularning ayrimlari “federal daraja” vazifalarini ham bajaradi. Hukumat islohot mintaqaviy bo‘linmalarga do‘kon o‘g‘irliklari va jamoat tartibiga zid xatti-harakatlar kabi kundalik huquqbuzarliklarga qarshi kurashga ko‘proq e’tibor qaratish imkonini beradi, deb umid qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid