Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil G‘azoda garovdagi so‘nggi odamning jasadini topdi va qaytardi
Barcha garovga olinganlarni qaytarish 2025 yil oktyabr oyida imzolangan G‘azodagi urushni to‘xtatish rejasining birinchi bosqichining asosiy shartlaridan biri edi. Endi ikkinchi bosqichga o‘tilishi kutilmoqda.
TSAHAL G‘azo sektori hududida qolgan garovdagi so‘nggi shaxsning jasadini topib, Isroilga qaytardi, deyiladi Isroil Mudofaa kuchlari xabarida.
Ekspertiza topilgan qoldiqlar politsiyachi Ran Gviliga tegishli ekanini tasdiqladi. 2023 yil 7 oktyabr kuni 24 yoshli Ran Gvili hamaschilarga qarshi jangda halok bo‘lgan, shundan so‘ng, uning jasadi G‘azoga olib ketilgan.
Bir kun avval Isroil rasmiylari G‘azo sektorida Ran Gvilining jasadini qidirish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazayotganini ma’lum qilgan edi.
Barcha tirik garovga olinganlar va barcha halok bo‘lganlarning jasadini qaytarish 2025 yil oktyabr oyida imzolangan G‘azodagi urushni to‘xtatish rejasining birinchi bosqichining asosiy shartlaridan biri edi. Tirik garovga olinganlarni HAMAS vakillari dekabr oyi boshiga qadar bir necha bosqichda Isroilga topshirdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi 25 yanvar kuni Ran Gvilining qoldiqlari topilganda, TSAHAL G‘azo sektorini Misr bilan bog‘laydigan va sektorga gumanitar yordam yetkazib berishning muhim kanali bo‘lgan Rafah nazorat-o‘tkazish punkti orqali harakatni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi. Bu harakatlar tinchlik rejasining ikkinchi bosqichida ko‘zda tutilgan.