O‘zbekiston | 21:47 / 26.01.2026
3918
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya o‘zbekistonliklarga viza berishni to‘xtatishi mumkin

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomovga ko‘ra, nolegal statusdagi o‘zbekistonliklar sonining oshib ketgani sababli viza berish to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. «Borgan ishchilarimizning yuborilgan joydan boshqa yerga noqonuniy o‘tib ketish holatlari juda ko‘p. Hozirgi holatda 9 foiz fuqarolarimiz nolegal. Agar bu 10 foizga chiqsa, Koreya Adliya vazirligi tomonidan viza berish to‘xtatiladi», dedi u.

Foto: Flickr

Janubiy Koreyaga ishchilarni yuborish faqat Migratsiya agentligi orqali amalga oshiriladi, xususiy bandlik tashkilotlarida bunday vakolat yo‘q, deya ma’lum qildi O‘zbekistonning Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov 17 yanvar kuni tadbirkorlarning hukumat a’zolari va elchilar bilan uchrashuvida.

Alisher Abdusalomovga ko‘ra, nolegal statusdagi o‘zbekistonliklar sonining oshib ketgani sababli Koreya hukumati viza berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

«Borgan ishchilarimizning yuborilgan joydan boshqa yerga nolegal bo‘lib o‘tib ketish holatlari juda ham ko‘p. Hozirgi holatda 9 foiz fuqarolarimiz nolegal. Agar bu 10 foizga chiqsa, Koreya Adliya vazirligi tomonidan viza berish umuman to‘xtatiladi», dedi u.

Elchining qo‘shimcha qilishicha, ta’lim olish maqsadida borganlarning ham bir qismi o‘qishni tashlab, noqonuniy tarzda ishlashga chiqib ketgan.

«Muammo migratsiya bilan birga, ta’lim sohasiga ham tegishli. Til kurslari yoki universitetlarga borayotgan yoshlarimiz ishlash uchun o‘qishidan ketyapti va nolegal statusga chiqib qolyapti. Bu narsa O‘zbekistonning imijiga ta’sir qiladi, albatta. Shuningdek, tartibli migratsiyani amalga oshirishga ham to‘sqinlik qiladi. Koreya kompaniyalarida migrantlarimiz to‘g‘risida fikr boshqacha shakllanadi. Masalan, bir kompaniya qishloq xo‘jaligi sohasiga vatandoshlarimizdan ishchilar olib keldi. Keyin ular qochib yoki boshqa joyga nolegal statusga o‘tib ketsa, kompaniya hosilini yo‘qotib, zarar ko‘radi. Kelasi yili o‘zbekistonlik ishchilarni olib kelishni xohlamaydi», dedi Abdusalomov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Janubiy Koreyada 100 ming o‘zbekistonlik istiqomat qilyapti va elchixona ularga yordam ko‘rsatishga tayyor.   

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid