O‘zbekiston | 19:48 / 26.01.2026
3632
2 daqiqa o‘qiladi

Nipah virusi O‘zbekistonda qayd etilmadi – Sanepidqo‘mita

Hindistonda xavfli Nipah virusi tarqalmoqda, ammo uning O‘zbekistonga kirib kelish ehtimoli pastligi aytildi.

So‘nggi yillarda Nipah virusi epidemiyalari muntazam ravishda Hindistonda kuzatilmoqda, shu bilan birga insonga yuqish holatlari Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham ro‘yxatga olinadi. Ammo Nipah virusi O‘zbekistonda qayd etilmagan – epidemiologik vaziyat barqaror, bu haqda Sanepidqo‘mita xabar berdi.

Qayd etilishicha, Nipah virusi zoonoz kasallik bo‘lib hayvonlardan insonga yuqadi masalan, ko‘rshapalaklardan. Shuningdek, zararlangan oziq-ovqat orqali va odamdan-odamga ham yuqishi mumkin. Nipah virusi – bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan jiddiy xastalikni keltirib chiqaradi.

Ta’kidlanishicha, ushbu kasallikning O‘zbekistonga kirib kelish ehtimoli juda past. Ammo Hindistonga borishni rejalashtirayotganlar quyidagi tavsiyalarga amal qilishi muhim:

- shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish;

- qo‘llarni sovun bilan yaxshilab yuvish;

- antiseptik vositalardan foydalanish;

- mevalar va sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval yuvish;

- tekshirilmagan suvni ichmaslik;

- ko‘rshapalaklar tirnashi yoki tishlashi oqibatida teshilgan mevalarni iste’mol qilmaslik.

Tavsiyaga ko‘ra, agar yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i yoki boshqa kasallik belgilari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatni barqaror ushlash hamda chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olish maqsadida 54 ta chegara punktida doimiy nazorat olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid