Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pistorius: Tramp NATO askarlari haqidagi so‘zlari uchun kechirim so‘rashi kerak
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSh prezidenti Donald Trampga NATOning Afg‘onistondagi missiyalarida boshqa mamlakatlar vakillari “front chizig‘idan chetda qolgan” degan gaplari uchun kechirim so‘rashi o‘rinli bo‘lishini bildirdi.
Foto: AP / Lisi Niesner
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSh prezidenti Donald Trampga Afg‘onistonda NATO missiyalarida qatnashgan boshqa mamlakatlar jangchilari “front chizig‘idan chetda qolgan” degan so‘zlari uchun halok bo‘lgan NATO askarlarining oilalaridan kechirim so‘rashi o‘rinli bo‘lar edi, dedi. Nemis siyosatchisi bu bayonotni yakshanba, 25 yanvar kuni kechqurun ARD telekanalida olib boruvchi Karen Miosganing tok-shou dasturida bildirdi.
Pistoriusning aytishicha, Trampning bu gaplari “shunchaki odobsizlik va hurmatsizlik”. Vazir kechirim so‘rash “hurmat va oqilona yondashuv belgisi” bo‘lar edi, deb qayd etdi. “Ammo biz hammamiz AQSh prezidenti qanday harakat qilishini bilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Pistorius bu vaziyatni Pentagon rahbari Pit Hegset bilan “u bilan uchrashgan zahoti” muhokama qilishini bildirdi. “Men Amerika millatining yutuqlariga va AQShning 70 yil davomida biz uchun ittifoqchi bo‘lib kelganiga juda katta hurmat bilan qarayman. Lekin hurmat o‘zaro bo‘lishi kerak”, — dedi nemis siyosatchisi.
Pistorius Trampning bayonotlarini 24 yanvar kuni Bild gazetasiga bergan intervyusida ham sharhlagan. Unda u nemis askarlari Afg‘onistonda jami 19 yil bo‘lganini va NATO missiyasi davomida Germaniya “katta narx to‘laganini” aytgan.
“59 nafar askar va uch nafar politsiyachi janglarda, hujumlarda yoki baxtsiz hodisalar natijasida halok bo‘lgan. Ko‘plab yaralangan askarlar haligacha olgan jarohatlaridan — ham ruhiy, ham jismoniy jihatdan aziyat chekmoqda. Xuddi shu narsa ularning oilalariga ham tegishli: ular bu og‘riqni butun umr ko‘tarib yuradi”, — dedi Pistorius.
Fox Business telekanaliga 22 yanvar kuni bergan intervyusida Tramp, zarurat tug‘ilsa, NATO ittifoqchilari AQShga yordam bermasligi mumkin, degan fikrni bildirdi va 2001–2021 yillarda Afg‘onistondagi missiyalarda alyansning boshqa mamlakatlari askarlari ishtirokini izohladi.
“Biz ularga hech qachon muhtoj bo‘lmaganmiz. Biz hech qachon ulardan hech narsa so‘ramaganmiz. Ular Afg‘onistonga qandaydir qo‘shin jo‘natganini aytadi — bu rost. Lekin ular biroz ortda, front chizig‘idan biroz chetda turgan”, — dedi Tramp.
Bu gaplarga javoban Buyuk Britaniya hukumat organlari Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi faqat bir marta — 2001 yil 11 sentabr terror hujumlaridan keyin ishlatilganini eslatdi. O‘shanda ittifoqchilar AQShga yordamga kelgan. Afg‘onistonga qo‘shin kiritilishi ham aynan shu yordam doirasida amalga oshirilgan.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Trampning bayonotlarini “haqoratli va rostdan ham qo‘rqinchli” deb atadi va ular afg‘on missiyasi vaqtida halok bo‘lgan yoki yaralanganlar oilalariga og‘riq yetkazishini ta’kidladi.
Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish esa polyak veteranlarini hurmat qilishga chaqirdi. Uning aytishicha, ular ittifoqchilik majburiyatlariga sadoqatini isbotlagan.