Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
To‘pponcha yoki telefon? Minneapolisdagi qotillik tafsilotlari
AQSh chegara qo‘riqlash xizmati xodimi Minneapolisda yashovchi fuqaroni otib o‘ldirdi. Bu bir oydan ichida ikkinchi shunday holat. Rasmiylar o‘ldirilgan shaxs federal agentlarga to‘pponcha bilan tahdid qilganini aytmoqda. Ammo voqea joyida olingan videolar buni rad etadi.
Reuters / Scanpix / LETA
2026 yil 24 yanvar kuni AQSh federal immigratsiya xizmatlari (ICE hamda chegara patruli) xodimlari Minneapolisda bir kishini otib tashladi. O‘ldirilgan shaxs mahalliy fuqaro, 37 yoshli Aleks Pretti bo‘lib chiqdi. U faxriylar uchun shifoxonaning intensiv terapiya bo‘limida medbrat bo‘lib ishlagan. AQSh ichki xavfsizlik vazirligi rasmiy bayonotida aytilishicha, Pretti federal agentlarga to‘pponcha bilan tahdid qilgan va «huquq-tartibot organlari xodimlarini yoppasiga o‘ldirmoqchi» bo‘lgan. O‘ldirilgan shaxsning yonida chindan ham qurol bor edi, ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va jurnalistlar voqea aks etgan videoyozuvlarni o‘rgangan holda mojaro vaqtida uning qo‘lida faqat telefon bo‘lganini aytishmoqda.
Voqea qanday kechgan?
2026 yil 24 yanvar kuni, mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9:05 da Minnesota shtati Minneapolis shahri janubidagi Nikolet-avenyu atrofida AQSh federal immigratsiya xizmatlari xodimlari bir kishini otib tashladi.
AQSh ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, «zo‘ravonlik holati uchun qidiruvda bo‘lgan noqonuniy immigrant»ni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot chog‘ida huquq-tartibot organlari xodimlari oldiga o‘qotar qurolga ega bo‘lgan shaxs yaqinlashgan. Uni qurolsizlantirishga harakat qilishgani, ammo u «qattiq qarshilik ko‘rsatgani», agentlardan biri «o‘zini mudofaa qilish» maqsadida unga qarata bir necha bor o‘q uzgach, ushbu shaxs voqea joyida vafot etgani ma’lum qilingan.
US Department of Homeland Security
Ushbu tvitga o‘ldirilgan shaxsning yonidan chiqqan to‘pponcha fotosi ilova qilingan. Shuningdek, ushbu shaxs go‘yoki agentlarga zarar yetkazish maqsadida bo‘lgani qay etilgan.
«Shuningdek, gumonlanuvchining yonida ikkita o‘q-dori magazini bo‘lgan va uning shaxsiy guvohnomasi bo‘lmagan – aftidan, bu odam maksimal darajada zarar yetkazmoqchi va huquq-tartibot idoralari xodimlarini yoppasiga o‘ldirmoqchi bo‘lgan», – deyiladi bayonotda.
Keyinroq Minneapolis politsiyasi boshlig‘i Brayan OʼHara o‘ldirilgan shaxs – mahalliy aholi vakili, 37 yoshli Aleks Pretti bo‘lganini ma’lum qildi. U ushbu shaxs «qurolning qonuniy egasi» ekani va uni olib yurish uchun ruxsatnomasi borligini tasdiqlagan.
Foto: Reuters
Aleks Prettining oila a’zolari ro‘y bergan hodisa haqida Associated Press muxbiridan bilishgan. Prettining ota-onasi u AQSh fuqarosi hisoblanishi va faxriylar uchun shifoxonaning intensiv terapiya bo‘limida medbrat bo‘lib ishlaganini ma’lum qilishgan. Shu bilan birga, ular o‘g‘lining qonun bilan hech qanday muammosi bo‘lmaganini qayd etishgan.
Pretti qurol ko‘targanmi?
Shunisi ma’lumki, Pretti Donald Trampning immigratsiya siyosatiga qarshi edi. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘rish mumkinki, u va federal agentlar o‘rtasidagi mojaro Immigratsiya va bojxona politsiyasining navbatdagi reydiga qarshi namoyish chog‘ida ro‘y bergan. Federal rasmiylarga ko‘ra, Prettini chegara xizmatining sakkiz yillik stajga ega faxriysi otgan. AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem matbuot anjumani vaqtida o‘ldirilgan shaxsning quroli bo‘lgani haqida gapirmadi, ammo u bu qurolni yonidan chiqarib, federal agentlarga tahdid qilgani bo‘yicha aniqlik kiritmadi.
Voqea joyida o‘t ochilishidan biroz oldinroq olingan videolar esa Pretti ko‘cha o‘rtasida turib agentlarni o‘z telefoniga tasvirga olayotgani ko‘ringan.
Shu vaqtda agentlardan biri qarshisidagi ayolni turtib yuboradi, Pretti esa ayolga yordamga boradi, shundan keyin agent ikkinchi ayolni yiqitadi, Pretti yana o‘rtaga tushadi.
Keyin agent uning yuziga qandaydir suyuqlik sepadi. Pretti ortiga o‘giriladi va bir qo‘lini yuqori ko‘taradi, bu qo‘li bo‘sh bo‘lgan, ikkinchi qo‘lida esa hamon telefon ushlab turgan. Ya’ni uning qo‘llarida qurol bo‘lmagan.
Boshqa rakursdan olingan boshqa videoda agent Prettining qo‘lini qayirib turgani aks etgan, bu vaqtda boshqa agentlar ham yetib kelgandi. Prettini yerga yotqizishadi, uning atrofida kamida olti agent turgan, ulardan biri uning boshiga zarba bergan.
Voqea joyiga bo‘sh qo‘llari bilan kelgan ofitser u yerdan to‘pponcha ko‘tarib qaytadi. U avtomobilga qarab ketayotganida boshqa bir agent qurolini chiqarib, Prettiga qarata o‘q uzadi. Bu vaqtda agentlar yerda yotgan erkakni tintayotgandi, o‘t ochish davom etadi. Jami 10 ta o‘q ovozi eshitiladi.
CNN telekanali hodisa videosini tahlil qilib, agentlardan biri o‘t ochilishidan oldinroq Prettining yonidagi to‘pponchani olib qo‘ygan degan xulosaga kelgan.
Otishmadan bir daqiqaga yaqin vaqt o‘tib, Pretti ko‘chada jonsiz holda yotganida olingan videoda xodimlardan biri to‘pponcha qayerdaligini so‘raydi. Biroz oldinroq qurol bilan voqea joyidan uzoqlashgan chegarachi esa to‘pponcha o‘zidaligini aytadi.
Qotillik kadrlarini o‘rganib chiqqan boshqa nashrlar ham Aleks Pretti federal agentlarga tahdid solmagan degan yakdil fikrda. Ular videoyozuvlardan hech birida uning qo‘lida qurol ko‘rinmaganini qayd etishmoqda. Agentlar tomonidan o‘rab olinganida Prettining qo‘lida faqat mobil telefon bor edi, deb yozgan Associated Press, Reuters va The New York Times.
Bu birinchisi emas
Bu Minneapolisda AQSh federal immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan odam o‘ldirilishi bilan bog‘liq ikkinchi holatdir. 7 yanvar kuni Immigratsiya va bojxona politsiyasi xodimi 37 yoshli Rene Nikol Gudni otib o‘ldirgandi. Bu voqea ro‘y berganida uning mashinasi politsiyachilar pikapining yo‘lini to‘sib chiqqandi. Rene Gudning o‘ldirilishi nafaqat Minneapolisda, balki butun mamlakat bo‘ylab immigratsiya xizmatlarining xatti-harakatlariga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlariga olib kelgandi.
Aleks Prettining o‘ldirilishi ham yangi norozilik to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Natijada Minnesota gubernatori Tim Uolz mahalliy politsiyaga yordam uchun Milliy gvardiyani safarbar qilishiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, u federal agentlarning harakatlarini keskin qoraladi.
«Men bugun tongda federal agentlar tomonidan sodir etilgan navbatdagi dahshatli otishma voqeasidan so‘ng Oq uy bilan gaplashdim. Bu holat Minnesotadagilarning joniga tegdi. Bu jirkanch holat. Prezident bu operatsiyani to‘xtatishi kerak. Minglab tajovuzkor va o‘qitilmagan xodimlarni Minnesotadan olib keting. Hoziroq», – deya yozgan Uolz X ijtimoiy tarmog‘ida.
Donald Tramp esa, xuddi Rene Gud o‘ldirilganida bo‘lgani kabi, immigratsiya xizmati agentlari yonini olib chiqdi va Minneapolis shahri meri Jyeykob Frey hamda Minnesota gubernatorining harakatlarini tanqid qildi. AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Prettining to‘pponchasi suratini joylashtirib, mahalliy rasmiylar Immigratsiya va bojxona politsiyasiga yordam ko‘rsatmayotgani, shuning uchun ular o‘zini himoya qilishiga to‘g‘ri kelayotganini aytgan. «Immigratsiya va bojxona politsiyasidagi vatanparvarlarimiz o‘z ishini qilishiga qo‘yib bering!» — deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Mavzuga oid
09:47
Pistorius: Tramp NATO askarlari haqidagi so‘zlari uchun kechirim so‘rashi kerak
08:42
Kanada Trampning Xitoy bilan kelishuv haqidagi tanqidini rad etdi
17:09 / 25.01.2026
Minneapolisda federal agentlar yana bir kishini otib qo‘ydi
23:57 / 24.01.2026