Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FIFA sobiq rahbari Blatter jahon chempionatini boykot qilishga chaqirdi
FIFA sobiq rahbari Zepp Blatter ba’zi siyosatchilar va futbol ekspertlariga qo‘shilib, muxlislarni 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatini tomosha qilish uchun Qo‘shma Shtatlarga bormaslikka chaqirdi.
Foto: Getty images
FIFA sobiq rahbari Zepp Blatter AQSh prezidenti Donald Tramp va uning ma’muriyatining mamlakat ichidagi va xorijdagi xatti-harakatlari tufayli muxlislarning 2026 yilda AQShda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini boykot qilish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Blatter jahon chempionati uchun AQSh mezbon mamlakat sifatida munosibligini shubha ostiga qo‘ydi va ijtimoiy tarmoqdagi postida turnirni boykot qilishga chaqirdi.
AQSh Kanada va Meksika bilan birgalikda 11 iyundan 19 iyulga qadar futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Blatter iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha shveysariyalik huquqshunos Mark Pitning futbol muxlislarini AQShdan uzoqroq bo‘lishga chaqirgan fikrlarini qo‘llab-quvvatladi.
«Agar biz muhokama qilgan narsalarning barchasini hisobga olsak, muxlislar uchun faqat bitta maslahat bor: AQShdan uzoqroq yuring!», dedi o‘n yil oldin FIFA Islohotlarni nazorat qilish mustaqil qo‘mitasiga ham rahbarlik qilgan Pit o‘tgan hafta Shveytsariyaning Der Bund gazetasiga bergan intervyusida.
«Nima bo‘lganda ham, televizorda bu yaxshiroq ko‘rinadi. Borgandan keyin esa muxlislar agar rasmiylarning talablarini qondira olmasa, darhol uyga eng yaqin reysga o‘tqazishlariga tayyor bo‘lishi kerak. Agar omadi kelsa», dedi Pit.
Ijtimoiy tarmoqdagi postida Blatter Pitdan iqtibos keltirib, qo‘shimcha qildi: «Menimcha, Mark Pit bu jahon chempionatini shubha ostiga qo‘yganida haq».
89 yoshli siyosatchi 1998 yildan 2015 yilgacha FIFA prezidenti lavozimida ishlagan, shundan so‘ng, korrupsiya bo‘yicha tergov tufayli iste’foga chiqqan.
Xalqaro futbol hamjamiyatining AQShga nisbatan xavotirlari Trampning Grenlandiyaga nisbatan ekspansionistik pozitsiyasi, sayohat taqiqlari va AQSh shaharlarida, ayniqsa Minneapolisda immigratsiya qonunchiligining kuchaytirilishiga qarshi chiqayotgan migrantlar va namoyishchilarga nisbatan tajovuzkor taktikasi bilan bog‘liq.
Ikki hafta oldin, Tramp ma’muriyati Senegal va Kot-d'Ivuar fuqarolariga mamlakatga vizasiz kirishni taqiqladi. Shuningdek, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan yana ikki davlat – Eron va Haiti muxlislariga ham AQShga kirish taqiqlangan edi.
Ta’kidlash joiz, jahon chempionatini boykot qilishga chaqiriqlar hali biror marta rasmiy darajada yangramadi. Bunday chaqiriqlar alohida, norasmiy shaxslarga tegishli bo‘lib qolmoqda.
Mavzuga oid
18:47 / 27.01.2026
AQSh rasman Parij iqlim kelishuvidan chiqdi
15:53 / 27.01.2026
AQShda qor bo‘roni 1 milliondan ortiq uyni elektrsiz qoldirdi
11:50 / 27.01.2026
Zelenskiy: Ukraina, Rossiya va AQShning yangi uchrashuvi 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadi
11:24 / 27.01.2026