O‘zbekiston | 18:23
9972
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” va Davaktivda katta taftish ketmoqda

“O‘zbekneftgaz”ning sobiq raisi Bahodir Siddiqov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov tergovga tortilgani haqida hozircha rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlar bor. Davlat rahbari bu ikki idorada “katta taftish” ketayotganini aytib, ularga mas’ul DXX xodimlarining ham javobgarligini ko‘rib chiqishni buyurdi.

O‘zbekistondagi eng yirik gaz qazib oluvchi kompaniya – davlatga qarashli “O‘zbekneftgaz” shirkatining sobiq raisi Bahodir Siddiqov korrupsiyada gumonlanyapti. Kun.uz manbasiga ko‘ra, Siddiqov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Unga nisbatan davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va boshqa ayblovlar ilgari surilyapti.

Bundan tashqari, xususiylashtirish siyosatining bosh ijrochisi – Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov ham qamoqqa olingan.

Bu ikki holat to‘g‘risida 27 yanvar kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev ham gapirib o‘tdi. Davlat rahbarining aytishicha, hozir “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketyapti. Ikkala tashkilotda ham milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlangan.

Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 mlrd so‘mga sotib yuborgan. Shu sababli kuni kecha agentlik direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev bu haqda gapirarkan, bir savolni o‘rtaga tashladi: “Bu idoralarda yillar davomida korrupsiya avj olgan bo‘lsa, xavfsizlik masalalari uchun mas’ullar qayerga qaragan?”

Prezident DXX raisiga topshiriq berdi: maxsus xizmatlarning “O‘zbekneftgaz” va Davaktivga mas’ul xodimlarining javobgarligi ko‘rib chiqiladi.

“Sotilgan davlat mulklari bo‘yicha har bir holatni sinchkovlik bilan tekshirib, barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilsin va jazo muqarrarligini ta’minlasin”, – dedi davlat rahbari.

Bahodir Siddiqov dekabr oyida "O‘zbekneftgaz" raisligidan hurmat bilan kuzatilgandi. / Foto: "O‘zbekneftgaz" matbuot xizmati

2023 yil mart oyidan beri “O‘zbekneftgaz”ni boshqarib kelgan Bahodir Siddiqov 2025 yil dekabr oyi o‘rtalarida ishdan olingan edi. O‘shanda u bilan bir vaqtda prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili Alisher Sultonov ham ishdan bo‘shatilgan edi. Bu iste’folardan keyin Abdug‘ani Sanginov “O‘zbekgidroenergo” rahbarligidan “O‘zbekneftgaz” raisligiga o‘tkazildi va tizimda avvalgi rahbarlar davrida muammolar ko‘payib ketgani ochiq aytila boshladi.

Xususan, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov neft-gaz sohasi uchun juda katta imkoniyatlar qilib berilayotganiga qaramay, kutilgan natijalarga erishilmayotganini tanqid qilgandi. Oradan bir oy o‘tib, Qo‘chqorov va Sanginov davlat rahbari huzurida gaz qazib chiqarishdagi davomli pasayishni to‘xtatish va’dasi bilan taqdimot o‘tkazishdi.

Akmalxon Ortiqov 6 yil davomida xususiylashtirish jarayonlarining bosh ijrochisi bo‘ldi. / Foto: Prezident matbuot xizmati

Akmalxon Ortiqovga kelsak, aksar jamoatchilik uni yaxshi tanimaydi, chunki hukumatdagi eng yopiq amaldorlardan biri edi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarligiga 2020 yil dekabr oyida kelgan bo‘lsa, shundan beri o‘zi ham, matbuot kotibi ham ko‘plab shubhali xususiylashtirish bitimlari yuzasidan jamoatchilik savollariga mutlaqo javob bermay keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda unga nisbatan tergovni DXX olib borayotgani aytilgan.

Kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksion orqali ikki barobar arzoniga sotib yuborish holati qachon va qayerda ro‘y bergani – ma’lum emas. Bu darajadagi yirik korrupsion keys tafsilotlari ochiqlanadimi, mansabdorlar ustidan sud jarayonlari ochiq-oshkora bo‘ladimi – buni vaqt ko‘rsatadi.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев

Mavzuga oid