Jahon | 07:34 / 28.01.2026
7601
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo aholisi rekord darajada: o‘sishni qaysi davlatlar ta’minlayapti?

1804 yilda Yer yuzi aholisi 1 milliard kishiga yetganidan keyin, keyingi asrlar davomida u sakkiz baravar ko‘paydi.

Foto: Getty Images

2022 yildan beri tug‘ilish ko‘rsatkichlari deyarli hamma joyda pasayib borayotganiga qaramay, dunyo aholisi 200 milliondan ortiq kishiga oshdi. Shu bilan birga, Xitoy va Braziliya aholisi kamaygan, Hindiston va Nigeriya esa global demografik o‘sishning asosiy drayverlariga aylangan.

Taqdim etilgan infografikada BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti) ma’lumotlari asosida dunyo aholisining mamlakatlar bo‘yicha taqsimoti ko‘rsatilgan. Hindiston aholi soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab, tez sur’atda 1,5 milliard ko‘rsatkichiga yaqinlashmoqda.

2022–2025 yillar oralig‘ida Hindiston aholisi, tug‘ilish koeffitsiyenti oddiy o‘zini o‘zi qoplash darajasidan pastlab, bir ayolga 1,9 tug‘ilish ko‘rsatkichiga tushganiga qaramay, taxminan 53 million kishiga oshdi. Shu davrda umr davomiyligi 72 yoshdan oshdi, bu 2000 yilga nisbatan taxminan 10 yilga ko‘proq.

1,4 milliarddan ortiq aholi yashaydigan Xitoy dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. 2022 yildan beri mamlakat aholisi qariyb 36 million kishiga kamaygan, 2023 yilda esa aholi soni bo‘yicha Hindiston Xitoyni ortda qoldirgan. Demografik pasayishning tezlashishiga aholining qarishi va rekord darajada past tug‘ilish ko‘rsatkichlari sabab bo‘lgan.

Visual Capitalist

2025 yilda aholisi 347 million bo‘lgan AQSh dunyoda uchinchi o‘rinni egallaydi. Biroq prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga borib uni Nigeriya ortda qoldiradi: aholining yosh tarkibi nisbatan yoshroq bo‘lgani sabab Nigeriya aholisi ikki baravarga ko‘payishi mumkin.

Yevropada ham demografik vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Italiya aholisi to‘rt yil ichida 1 milliondan ortiq kishiga kamaygan, Gretsiya aholisi esa taxminan 400 ming kishiga qisqargan. Har ikki mamlakat dunyoda aholining o‘rtacha yoshi eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida: Italiyada 48 yosh, Gretsiyada 47 yosh.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid