O‘zbekiston | 16:03
6633
2 daqiqa o‘qiladi

IIV Jazoni ijro etish departamentiga boshliq tayinlandi

Polkovnik Azizxon Umarxonov Olmazor hokimi sifatidagi 4,5 yillik faoliyatidan keyin, IIVga qaytdi: u Jazoni ijro etish departamentiga boshliq bo‘ldi. Bu departamentning avvalgi rahbari Rustam Tursunov noyabr oyida Bekmurod Abdullayev bilan bir vaqtda ishdan olingandi, hozir ular ustidan tergov ketmoqda.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Olmazor tumani hokimi Azizxon Umarxonov ichki ishlar tizimiga qaytdi. Prezident farmoyishi bilan, u Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i etib tayinlandi

Umarxonov 2000 yilda IIV akademiyasini tamomlagan va shundan keyin uzoq yillar tizimda faoliyat yuritgan.

2020 yilda IIV Jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan; 2021 yil avgust oyida Toshkent shahar Olmazor tumani hokimi sifatida ish boshlagan.

Azizxon Umarxonov

Azizxon Umarxonovning boshqa ishga o‘tkazilishi – prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan hafta Olmazor tumaniga tashrifi, joriy haftada esa ichki ishlar sohasiga oid yig‘ilish o‘tkazishi fonida ro‘y berdi.

So‘nggi yig‘ilishdan keyin ichki ishlar vaziriga 4 nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi: Rustam Jo‘rayev, Botir Qudratxo‘jayev, Diyorbek Sattorov va Rustam Mirzayev shular jumlasidan.

Eslatib o‘tamiz, IIV Jazoni ijro etish departamentining avvalgi boshlig‘i Rustam Tursunov 2025 yil noyabr oyida Bekmurod Abdullayev bilan bir kunda ishdan olingan edi. Kuni kecha Kun.uz o‘z manbasiga tayanib ularning ikkisi ham qamoqqa olingani haqida xabar bergandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid