Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘zgardi
Bahodir Toshmatov Milliy gvardiyaga qaytdi. U so‘nggi besh yillikda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari edi.
Foto: Kun.uz
27 yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektordan keyin ichki ishlar tizimida kadrlar rokirovkasi amalga oshirilmoqda.
2020 yil 16 martdan buyon Milliy gvardiya qo‘mondoni lavozimida ishlab kelgan Rustam Jo‘rayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Bahodir Hamidovich Toshmatov O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni lavozimiga tayinlandi.
Bahodir Toshmatov (1964 yilda tug‘ilgan) Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini, O‘zbekiston qurolli kuchlari akademiyasini, Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi harbiy akademiyasining Oliy akademik kurslarini, shuningdek, Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan. Harbiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
U Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlarida qo‘mondonlik tarkibining turli lavozimlarida xizmat qilgan. 1992–1999 yillarda Mudofaa vazirligida rahbarlik lavozimlarida ishlagan, 1999–2008 yillarda Mudofaa vazirligi harbiy okruglari qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan.
2008 yildan 2011 yilgacha mudofaa vazirining o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari, so‘ngra 2011 yildan 2013 yilgacha Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2013 yildan 2017 yilgacha mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
2017–2020 yillarda Milliy gvardiya qo‘mondoni sifatida xizmat qilgan. 2020 yil martidan oktyabrigacha Prezident davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) raisi bo‘lgan, shundan so‘ng Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari etib tayinlangandi.