O‘zbekiston | 18:06
2488
3 daqiqa o‘qiladi

JSST O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakat maqomidan mahrum qildi

O‘zbekiston 2017 yilda qizamiq va qizilcha kasalliklariga barham bergan davlat sifatida rasman tan olingan edi. Ammo keyinchalik kasallanish holatlari ko‘paydi. Mutaxassislar ushbu kasallik avj olishining asosiy sababini ommaviy emlashdagi bo‘shliqlar deb aytmoqda.

Foto: Cleared

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) so‘nggi bir necha yil ichida kasallanish holatlari ko‘paygani sababli O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakat maqomidan mahrum qildi. Xuddi shunday protsedura yana besh davlat, jumladan, Ozarboyjon, Avstriya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Armanistonda ham o‘tkazildi, deb yozdi Euronews.

Xalqaro tashkilot mutaxassislarining aniqlik kiritishicha, yuqoridagi mamlakatlarda 2024 yilda qizamiq epidemiyasi kuzatilgan. Qoidalarga ko‘ra esa, agar virus qaytib kelsa va uning yuqishi bir yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz davom etsa, davlat o‘z maqomini yo‘qotadi.

Mutaxassislar ushbu kasallik avj olishining asosiy sababini ommaviy emlashdagi bo‘shliqlar deb atamoqda, buning oqibatida ayniqsa voyaga yetmaganlarda immunitet pasayadi. Qayd etilishicha, qizamiqdan xoli mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarilgan davlatlarda eng ko‘p kasallanish holatlari 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda qayd etilgan.

Ta’kidlashicha, virus Yevropa va Markaziy Osiyoning ko‘plab hududlarida keng tarqalmoqda. Masalan, Ruminiyada vaziyat keskin yomonlashgani kuzatilmoqda. Shuningdek, Gurjiston, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Polsha va boshqalar salbiy statistikaga ega davlatlar qatoriga kiritildi. Markaziy Osiyo respublikalari orasida Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham bor.

Kasallikning aksariyat holatlari emlanmaganlarga to‘g‘ri kelgani sababli, JSST qizamiqqa qarshi vaksinaning ikki dozasi bilan aholining kamida 95 foizini qamrab olishni qat’iy tavsiya qilmoqda.

Endi O‘zbekiston qizamiqdan xoli davlatlar ro‘yxatiga qaytishi uchun uch yil davomida virus aylanmasligini ta’minlashi va epidemiologik nazoratni keskin kuchaytirishi kerak.

O‘zbekiston 2017 yilda qizamiq va qizilcha kasalliklariga barham bergan davlat sifatida rasman tan olingan edi. Shunda JSST tahlilchilari 2014-2016 yillardagi kasallanish ma’lumotlari asosida tegishli qaror qabul qildi. Ammo keyinchalik ko‘rsatkichlar yomonlashdi. Masalan, 2022 yilda respublikada qizamiq bilan bog‘liq atigi 8 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2023 yilda 1026 ta holat qayd etilgan. Qayd etilishicha, kasallik bir yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida keng tarqalgan bo‘lib, ularning aksariyati vaksinaning birorta ham dozasini olmagan.

Qizamiq virus tabiatli o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, tumov, tomoq og‘rig‘i va toshmalar bilan kechadi. Kasallik pnevmoniya, bronxit, ensefalit ko‘rinishidagi asoratlar bilan xavflidir. Qizamiqdan himoyalanishning yagona samarali vositasi emlashdir.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid