Jahon | 12:50
8386
7 daqiqa o‘qiladi

«Vaqt tugab bormoqda». Tramp Eronga yangi zarbalar bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp agar Tehron yadroviy kelishuv tuzishga rozi bo‘lmaydigan bo‘lsa, Eron bo‘ylab zarbalar yo‘llash bilan tahdid qildi. Eron hukumati muzokaralar uchun ochiqligini bildirmoqda, shu bilan birga, ehtimoliy tajovuzga javob qaytarishga ham tayyor.

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronni yadroviy dastur kelishuvi bo‘yicha muzokaralar uchun «vaqt tugab borayotgani» haqida ogohlantirdi. Bayonot Fors ko‘rfazida AQSh qurolli kuchlarining to‘xtovsiz ko‘payib borayotgani zamirida yangradi.

Oq uy rahbari ijtimoiy tarmoqdagi xabarida «ulkan armada tez, katta kuch, g‘ayrat va qat’iyat bilan» Eron tomon harakatlanayotganini aytdi.

«Umid qilamanki, Eron tezda „stolga o‘tiradi“ hamda adolatli va teng huquqli bitim tuzishga rozi bo‘ladi – HeCh QANDAY YaDRO QUROLISIZ – bu barcha tomonlar uchun yaxshi bo‘ladi. Vaqt tugab bormoqda», – deya yozgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

AQSh prezidenti Fors ko‘rfazidagi harbiy-dengiz kuchlari Amerika qo‘shinlari Nikolas Maduroni qo‘lga olishdan oldin Venesuelaga yuborilganidan ko‘proqligini ta’kidlagan: «Bu Venesuelaga yuborilganiga qaraganda ancha kattaroq bo‘lgan „Avraam Linkoln“ aviatashuvchisi boshchiligidagi ulkan flotdir».

Trampning qo‘shimcha qilishicha, bu kuchlar «o‘z missiyasini tezda, kerak bo‘lsa, kuch bilan bajarishga tayyor, buni xohlaydi va bunga qodir».

Chindan ham Fors ko‘rfaziga, Eron sohillari yaqiniga Amerika aviatashuvchi guruhi yetib kelgan. Trampning tahdidlari hayotga ko‘chadimi yoki yo‘qmi, bunisi hozircha noma’lum, ammo harbiy sharhlovchilar fikricha, zarba berish uchun zarur bo‘lgan kuchlar to‘plangan.

AQSh 2025 yil iyunida, Eron va Isroil o‘rtasidagi 12 kunlik urush chog‘ida Eronning yadroviy obektlari bo‘ylab zarbalar yo‘llagandi. Tramp o‘shanda Eron yadroviy dasturi yakson etilganini ma’lum qilgandi.

Eronda dekabr oyi oxiri va yanvar oyining birinchi yarmida hukumatga qarshi yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Tramp namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilishiga javoban harbiy aralashuv bilan tahdid qilgandi, ammo keyin bu fikridan qaytdi. Hozir u namoyishlarni tilga olmayapti, lekin u hafta oldin u eronliklarni ommaviy norozilik aksiyalarini davom ettirishga chaqirib, «yordam allaqachon yo‘ldaligi»ga ishontirgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvga rozi bo‘lmasa, Eronga yo‘llanadigan yangi zarbalar o‘tgan yil yozida yadroviy obektlar bo‘ylab berilgan zarbalarga qaraganda «ancha yomonroq» bo‘ladi.

Bu Trampning Eronga qaratilgan ilk tahdidlari emas va OAVning yozishicha, Eron bo‘ylab zarbalarning turli variantlari o‘rganib chiqilmoqda, lekin yakuniy qaror qabul qilinmagan.

CNN va Reuters ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan variantlar orasida islom respublikasi rahbariyati va namoyishchilarning o‘ldirilishi uchun javobgar deb taxmin qilinayotgan xavfsizlik kuchlari xodimlariga zarbalar, shuningdek, yadroviy obektlar va hukumat muassasalariga zarbalar bor.

«Avraam Linkoln» aviatashuvchisi (arxiv foto)

OAV o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Yaqin Sharq mintaqasiga aviatashuvchi zarbdor guruhi yetib kelgani tufayli Tramp Eronga zarba berish uchun hozirda avvalgiga qaraganda imkoniyat ko‘proq deb hisoblamoqda.

Erondagilar esa amerikaliklarning ehtimoliy zarbasiga javob qaytarishini aytmoqda. Eron oliy rahnamosi maslahatchisi Ali Shamxoniy bunday javob birinchi navbatda AQSh va Isroilga, bundan tashqari, ushbu tajovuzga yordam beradigan boshqalarga qarshi qaratiladi.

Avvalroq, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi harbiy tahdid orqali diplomatiya yuritish samarali yoki foydali bo‘lishi mumkin emasligini aytgandi. «Agar ular muzokaralar aniq shaklga ega bo‘lishini istasa, ular, albatta tahdidlar, ortiqcha talablar va mantiqsiz savollarni ko‘tarishdan voz kechishi kerak», – degan vazir.

2015 yilgi yadroviy kelishuv

Eron yadroviy kelishuvi – Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi (JCPOA) bo‘lib, 2015 yilda Eron va P5+1 mamlakatlari guruhi (AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya) tomonidan Yevropa Ittifoqi vositachiligida imzolangan. Bitimning maqsadi – xalqaro sanksiyalarni bekor qilish evaziga Eron yadroviy dasturining faqat tinchlik xarakterini kafolatlash.

2018 yilda Donald Tramp ma’muriyati davrida AQSh kelishuvdan bir tomonlama chiqqan va bu kelishuv Eronning raketa dasturi hamda uning mintaqadagi ta’sirini hisobga olmasligini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng, Vashington Eronga qarshi qat’iy iqtisodiy sanksiyalarni qayta tiklagan. Eron ham 2019 yilda kelishuvni tark etgan.

Kelishuvdan chiqqanidan keyin Eron yadroviy dasturini sezilarli darajada kengaytirdi, bu esa xalqaro hamjamiyatni xavotirga soldi. Mamlakat Xalqaro atom energetikasi agentligi inspektorlarini chiqarib yuborgan va taxminan 10 ta yadroviy kallak yaratish uchun yetarli bo‘lgan 440 kilogrammdan ortiq yuqori boyitilgan uranning kelib chiqishini tushuntirishdan bosh tortgan.

Eron o‘zining yadroviy dasturi faqat tinchlik maqsadida ekanini ta’kidlab keladi va yadroviy qurol ishlab chiqish niyati borligini ko‘p marta rad etgan.

Rasmiy ravishda JCPOA hamon mavjud, ammo amalda kelishuv to‘liq hajmda ishlamaydi. Uni qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar o‘zgaruvchan muvaffaqiyat bilan olib borilmoqda va Eron yadroviy dasturi mavzusi muntazam ravishda xalqaro kun tartibiga qaytmoqda.

2025 yil yozida AQSh harbiy-havo kuchlari ittifoqchilar bilan birgalikda Eron yadroviy dasturining uchta asosiy obekti – Natanz, Fordo va Isfahondagi obektlarga yirik zarbalar berdi. Bunga javoban Eron Qo‘shma Shtatlarning Qatardagi harbiy bazasiga ballistik raketalar bilan zarba yo‘lladi. Keyinchalik vaziyat barqarorlashib, kuch ishlatish to‘xtatildi. Ammo vaziyat murakkabligicha qolmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid