Jahon | 16:43
7817
6 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda onlayn firibgarlik bilan shug‘ullangan sindikatning 11 a’zosi qatl etildi

Ular Myanmadagi skam-markazlar va kazinolarni boshqargan hamda minglab kishilarni, jumladan, Xitoy fuqarolarini qullikda ushlab turgan.

Foto: CCTV

Xitoyda Myanmadagi onlayn firibgarlik markazlari (skam-markazlar) tarmog‘ini boshqarishda ayblangan Min oilasining 11 nafar a’zosiga nisbatan o‘lim hukmi ijro etildi, deb xabar bermoqda Xinhua agentligi.

Skam-markazlar Janubi-Sharqiy Osiyoda jiddiy muammo bo‘lib, xitoyliklar ko‘pincha onlayn firibgarlik qurboniga aylanishadi.

Min sindikati a’zolari 2023 yil noyabrida, Myanmaning Xitoy bilan chegarasi yaqinidagi hududda qo‘lga olingandi.

Sindikat a’zolari 2025 yil sentabridagi sud majlisida qotillik, noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish va firibgarlikda aybdor deb topilib, o‘limga hukm qilingandi. Noyabrda oliy instansiya sudi apellyatsiyani rad etdi va 29 yanvar kuni hukm ijro qilindi.

Sud qaroriga  ko‘ra, skam-markazlar va kazino biznesi orqali Min oilasi 2015 yildan 2023 yilga qadar bo‘lgan davrda 10 mlrd yuandan ortiq (1,4 mlrd dollar) mablag‘ ishlab topgan. Ularning faoliyati Xitoyning 14 fuqarosi o‘limiga olib kelgan.

Sindikatning 2023 yilda qo‘lga olingan barcha a’zolari ham o‘limga hukm qilinmagan. 23 kishiga besh yildan umrbod qamoq jazosigacha bo‘lgan hukmlar e’lon qilingan.

Bu Xitoyda shunday ish bo‘yicha ijro etilgan birinchi o‘lim hukmi bo‘ldi. Noyabr oyida Bay sindikatining besh nafar a’zosiga ham o‘lim hukmi chiqarilgandi, shuningdek, Vey va Lyu guruhlari a’zolari ustidan sud jarayoni davom etmoqda.

Xitoyda qancha odam qatl etilishi haqida aniq ma’lumot yo‘q: bunday statistika davlat siri hisoblanadi. Huquq faollari esa Xitoy – jahonda qatllar bo‘yicha yetakchi ekanini da’vo qilishadi.

Min sindikati o‘z faoliyatini asosan Laukkay shahrida olib borgan, bu hudud 2023 yil noyabriga qadar Myanmadagi harbiy xunta nazoratida bo‘lgan, keyin esa mahalliy isyonchilar qo‘liga o‘tgan.

Laukkay – Xitoy bilan chegaradagi Kokan avtonom regionida joylashgan shahar bo‘lib, bu yerda asosan Birma xitoylari istiqomat qiladi. 2000-yillarda bu shaharcha asta-sekinlik bilan xaroba hududda kazinolar fohishaxonalar markaziga aylanadi.

Keyin bu yerda onlayn-firibgarlikka ixtisoslashgan skam-markazlar ham paydo bo‘ladi. Shahardagi shunday markazlardan eng yirigi Crouching Tiger Villa (Uyqudagi yo‘lbars villasi) kompleksi bo‘lib, uni Min sindikati rahbari, muqaddam Myanma parlamenti deputati bo‘lgan Min Syuechan boshqaradi.

Oilaning asosiy daromadi dastlab qimor o‘yinlari va fohishabozlik, keyin esa onlayn firibgarlik edi – ularning tuzog‘iga tushgan shaxslar qullikda ushlab turilgan va majburan ishlatilgan, qochishga uringanlar esa o‘ldirilgan. Xitoy nashrlariga ko‘ra, Min oilasi o‘z faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etish uchun kamida 10 ming kishini jalb qilgan.

Skam-markaz xodimlari va ular qullikda ushlab turgan odamlar reyddan keyin. Myavadi, 2025 yil fevral
AFP / Scanpix / LETA

Min oilasi a’zolari 2023 yil kuzida Laukkay shahrini Myanma xuntasidan qaytarib olgan mahalliy ayirmachilar tomonidan qo‘lga olinadi. Ular sindikat a’zolarini Xitoyga topshirgan, xuddi o‘sha davrda rasmiy Pekin o‘g‘irlangan fuqarolarning qarindoshlari murojaatlari asosida skam-markazlarga qarshi kampaniya boshlagandi.

69 yoshli Min Syuechan 2023 yil noyabrida, oilaning boshqa a’zolari qo‘lga olinayotgan kunlarda halok bo‘ladi: mahalliy rasmiylarga ko‘ra, u qo‘lga tushmaslik uchun o‘z joniga qasd qilgan. Bugun qatl etilganlar orasida uning o‘g‘li Min Gopin (Myanmadagi harbiy xunta chegara kuchlari sobiq qo‘mondoni) va qiz nabirasi Min Chjenchjen ham bor.

Xitoy TIV vakili Pekin «qimor o‘yinlari va firibgarlik illatini yo‘q qilish» bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishda davom etishini ma’lum qilgan.

Interpol baholariga ko‘ra, butun dunyoda (ayniqsa Janubi-Sharqiy Osiyoda) skam-markazlarda odam savdosining yuz minglab qurbonlari majburiy mehnatga jalb etilgan. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda onlayn-firibgarlik tufayli kamida 37 mlrd dollar yo‘qotilgan.

So‘nggi vaqtlarda Myanmadagi skam-markazlar shimoli-sharqdan boshqa regionlarga – Tailand bilan chegara hududlarga, shuningdek, Xitoy ta’siri u qadar kuchli bo‘lmagan Kambodja va Laosga ko‘cha boshlagan.

Mahalliy rasmiylar so‘nggi oylarda skam-markazlarga bosimni kuchaytirdi. 2025 yil oktyabr oyida Myanmadagi harbiy xunta Tailand bilan chegaradagi eng yirik majmualardan birida reyd o‘tkazib, 2000 dan ortiq odamni ozod qildi. 2026 yil yanvar oyida Kambodjada tadbirkor Chen Chji hibsga olinib, keyin Xitoyga ekstraditsiya qilindi (AQSh va Buyuk Britaniya uni Janubi-Sharqiy Osiyodagi skam-markazlar tarmog‘ining rahbari deb hisoblaydi).

Interpol skam-markazlar sanoati boshqa mintaqalarga – Yaqin Sharq, G‘arbiy Afrika yoki Markaziy Amerikaga ko‘chib o‘tishi mumkinligidan xavotirda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid