Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Panama kanali Xitoy kompaniyasidan olib qo‘yildi
Panama Oliy sudi Honkongning CK Hutchison kompaniyasi bilan Panama kanali portlarini boshqarish bo‘yicha tuzilgan shartnomani bekor qildi. Avvalroq, Tramp kanaldagi Xitoy infratuzilmasi AQSh xavfsizligiga tahdid solayotganini aytgan edi.
Foto: Getty Images
Panama Oliy sudi Honkongning CK Hutchison kompaniyasi bilan Panama kanalining har ikki tomonidagi port - Tinch okeani sohilidagi Balboa va Atlantika okeanidagi Kristobal portlarini boshqarish bo‘yicha shartnomani bekor qildi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Sudyalar kelishuv shartlarini mamlakat konstitutsiyasiga zid deb topdi. Qayd etilishicha, bu qaror AQSh prezidenti Donald Trampning G‘arbiy yarimsharda ta’sir o‘tkazish uchun Xitoy bilan qarama-qarshilikdagi diplomatik g‘alabasi bo‘ldi.
Tramp bir yil oldin kanal atrofidagi Xitoy infratuzilmasi Qo‘shma Shtatlar xavfsizligiga tahdid solayotganini nazarda tutib: «Panama kanalini Xitoy boshqaradi, biz esa uni Xitoyga bermaganmiz», degan edi.
Xususiy huquqshunoslar va Panamaning bosh nazoratchisi shartnomalar davlat va soliq to‘lovchilar manfaatlarini buzayotganini da’vo qilib, CK Hutchison kompaniyasiga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi. Hukumat tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, 1990-yillarning oxiridan beri kompaniya bilan kelishuv shartlari tufayli mamlakat budjeti 1,3 milliard dollar tushumdan ayrilgan. Lisenziya bekor qilingandan so‘ng, Panama hukumati portlarning vaqtinchalik operatorini yollashni, keyin esa yangi tanlov o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
WSJ nashrining yozishicha, Pekin uchun bu Xitoyning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi - Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro Amerika harbiylari tomonidan Karakasda qo‘lga olinganidan bir necha hafta o‘tib sodir bo‘lgan diplomatik mag‘lubiyatdir. Xitoy hukumatining rejalaridan xabardor manbaning ma’lum qilishicha, Pekin o‘z manfaatlarini himoya qilish yo‘llarini o‘rganish uchun Lotin Amerikasi bo‘yicha ishchi guruh tuzmoqda va ehtimol, javob choralari variantlarini izlaydi.
Shu bilan birga, Xitoyning Lotin Amerikasi infratuzilmasiga kiritgan sarmoyasi qariyb 300 milliard dollarga yetganiga qaramay, AQSh Panamaning eng yirik sarmoyadori va savdo sherigi bo‘lib qolmoqda. Mamlakat milliy valuta sifatida AQSh dollaridan foydalanadi va na Markaziy bankka, na Qurolli kuchlarga ega.
Mavzuga oid
22:43 / 30.01.2026
BMT «muqarrar moliyaviy inqiroz» xavfi ostida ekani ma’lum bo‘ldi
20:07 / 30.01.2026
Buyuk Britaniya va Xitoy o‘zaro munosabatlarda «qayta tiklanish» davrini boshladi. Bu Trampga yoqmayapti
18:37 / 30.01.2026
O‘zbekiston Xitoydan mandarin va ananas importini vaqtincha taqiqladi
16:08 / 30.01.2026