Jamiyat | 20:30 / 30.01.2026
4868
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda soxta kosmetolog xavfli retsidivist bo‘lib chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zini malakali kosmetolog sifatida ko‘rsatib kelgan ayol aslida oldin ham sudlangan xavfli retsidivist ekani aniqlandi. Soxta kosmetolog ko‘krak va dumba sohasini kattalashtirish yuzasidan unga murojaat qilgan ayollarga biogel yuborgan holda tan jarohati yetkazgan.

Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat

Toshkent shahrida soxta kosmetolog jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud ma’lumotlari bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, M.G. ijtimoiy tarmoqlarda kosmetologik muolajalar va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun maxsus ma’lumot va litsenziyasi borligi, bu sohada yuqori tajribaga egaligi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatib kelgan. U 25 yoshli M.B.ni ko‘krak va dumba sohasini kattalashtirib berishga ishontirib, unga biogel yuborgan. So‘ngra mijozning 1 200 dollarini qo‘lga kiritgan.

Buning oqibatida M.B. o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati olgan. Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, uning o‘ng va chap ko‘krak bezlari sohalarida gelli inʼeksiyadan keyingi hosila, o‘ng va chap dumba sohasida muolajadan keyingi chandiqlar paydo bo‘lgan. Ushbu o‘zgarishlarga muolaja texnikasining buzilishi, sertifikatga ega bo‘lmagan preparatdan foydalanish, mutaxassisda anatomiya bo‘yicha bilimlar va in’yeksion muolajalarni o‘tkazish ko‘nikmalari yetishmasligi sabab bo‘lgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, jabrlanuvchida o‘tkazilgan muolajalar plastik jarrohi, shifokor dermatolog, dermatokosmetolog tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan.

Sudning hukmi bilan soxta kosmetolog Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi va 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga tibbiy kosmetologik muolajalar faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 150 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan. Jarimani davlat foydasiga undirish belgilangan.

Ma’lum bo‘lishicha, M.G. avval shu turdagi firibgarlik bilan sudlangan. Jumladan, u JIB Mirobod tuman sudining 2024 yil 7 iyundagi hukmi bilan aybli deb topilgan va jazoga tortilgan. Shuningdek, M.G. xavfli retsidivist deb topilgan.

MIB matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, soxta kosmetologdan jarimani undirish jarayonida unga tegishli Tracker 2 mashinasi aniqlangan.

Qidiruv tadbirlaridan so‘ng mashina xatlanib, jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров

Mavzuga oid