Jahon | 13:45
1160
4 daqiqa o‘qiladi

YeI Eronga yangi sanksiyalar joriy qildi

Yevropa Ittifoqining Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ni terroristik tashkilot deb tan olish haqidagi qarori YeIning Eronga qarshi yangi sanksiyalar qabul qilganidan ko‘p o‘tmay e’lon qilindi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari 29 yanvar, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Eronga qarshi yangi sanksiyalarni tasdiqladi. Diplomatik doiralardagi manbalar xabar berishicha, YeIning cheklov choralari taxminan 30 jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan qo‘llanadi. Ularning ismlari yaqin vaqt ichida Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Sanksiyalarni qattiqlashtirishga Erondagi ommaviy repressiyalar sabab bo‘ldi. Huquq himoyachilari bahosiga ko‘ra, bu mamlakatda yaqinda bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida bir necha ming kishi halok bo‘lgan. YeIga a’zo ayrim davlatlar tashqi ishlar vazirlari 29 yanvar kuni yanada dahshatliroq raqamlarni — 30 minggacha qurbon bo‘lishi mumkinligini aytgan. Shuningdek, o‘n minglab eronliklar hibsga olingani xabar qilinmoqda. Zo‘ravonlik ko‘lamini yashirish uchun Tehron internet va telefon aloqasini qattiq blokirovkaga olgan.

Yevropa Ittifoqining Eronga qarshi yangi choralari YeI hududida sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning aktivlarini muzlatishni, YeI davlatlari fuqarolari va kompaniyalariga ularni moliyalashtirishni taqiqlashni, ro‘yxatdagilarning YeI davlatlariga kirishini man etishni, shuningdek Eronga eksport qilinishi taqiqlangan tovarlar ro‘yxatini kengaytirishni nazarda tutadi.

Uchrashuvning asosiy voqeasi Fransiya pozitsiyasining o‘zgarishi bo‘ldi — shu orqali Yevroittifoq Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi va uni “Al-Qoida”, HAMAS hamda IShID bilan bir qatorga qo‘ydi.

Bu qarorni sharhlar ekan, Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas: “Bosim (boshqacha fikr bildirish — tahr.) javobsiz qolmasligi kerak”, — dedi. Uning ta’kidlashicha, minglab o‘z fuqarolarini o‘ldiradigan har qanday rejim o‘z qulashiga zamin tayyorlaydi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful esa IIMK va uning yordamchi tuzilmalarini “Eron rejimi qassoblari” deb atadi. “Aynan ular o‘lchovsiz shafqatsizlik bilan o‘z aholisiga qarshi chiqmoqda, ko‘chada ovozini ko‘tarishga jur’at qilgan o‘z fuqarolarini amalda qatl etmoqda”, — dedi Vadeful.

Dpa agentligi qayd etishicha, IIMKni terroristik ro‘yxatga kiritish muhim ramziy qadam hisoblanadi, biroq uning amaliy ta’siri cheklangan — chunki Eronning elita bo‘linmalari Tehronning yadro dasturi sababli allaqachon o‘n yildan ortiq vaqtdan beri YeIning qattiq sanksiyalari ostida.

Fransiya uzoq vaqt davomida sanksiyalarning takrorlanishini asos qilib, bu qarorni to‘sib kelgan. Biroq ekspertlar Parijning ehtiyotkorligini Eronda “josuslik” ayblovi bilan hukm qilingan ikki nafar Fransiya fuqarosi — Sesil Koler va Jak Pari taqdiri bilan bog‘lagan. Hozir ular qamoqdan ozod qilingan, ammo Fransiya elchixonasida turib, mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat kutmoqda.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio Senatdagi eshituvlarda Eron rahbariyati hozir har qachongidan ham kuchsiz ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rejim iqtisodiy inqiroz (kollaps)ga duch kelgan va aholining asosiy muammosi — kambag‘allikni hal etishga qodir emas. Rubio Eronda namoyishlar yana qayta boshlanishini taxmin qilgan.

Tehron an’anaviy ravishda ichki inqirozda xalqaro sanksiyalarni ayblaydi, korrupsiya va samarasiz boshqaruv kabi o‘z muammolarini esa e’tibordan chetda qoldiradi. Ekspertlar ta’kidlashicha, Eronga nisbatan cheklovlarni bekor qilishga faqat siyosiy yo‘nalishning keskin o‘zgarishi olib kelishi mumkin, ammo hozircha bunday o‘zgarish alomatlari ko‘rinmayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid