Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI Ukraina va Moldovaga 153 mln yevro shoshilinch yordam ajratdi
Yevropa Ittifoqi Ukraina va ukrain qochqinlarini qabul qilayotgan Moldovaga, Rossiyaning Ukraina fuqarolik energetika infratuzilmasiga davom etayotgan hujumlari tufayli gumanitar vaziyat keskin yomonlashgani fonida, 153 mln yevro miqdorida shoshilinch yordam taqdim etadi. Bu haqda Yevropa komissiyasi (YeK) 29 yanvar, payshanba kuni ma’lum qildi.
Foto: Sergei Gapon/AFP/Getty Images
“153 mln yevro miqdoridagi yangi gumanitar yordam va shu oy qo‘shimcha yetkazib berilayotgan 947 ta generator orqali biz odamlarda eng ko‘p ehtiyoj bo‘lgan paytda boshpana, issiqlik va umid bo‘lishini istaymiz”, — dedi YeKning inqirozlarni boshqarish bo‘yicha a’zosi Aja Lyabib.
Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, paket Ukraina aholisining shoshilinch gumanitar ehtiyojlarini qoplash uchun 145 mln yevroni o‘z ichiga oladi. Ukraina Rossiyaning harbiy bosqiniga qarshi to‘rtinchi yil himoyalanmoqda. Mablag‘lar aholini himoya qilish, turar joy (boshpana), oziq-ovqat, naqd pul ko‘rinishida yordam, psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek suv va tibbiy xizmatlarga kirish imkoniyatini ta’minlashga yo‘naltiriladi. Yana 8 mln yevro esa Moldovada ukrain qochqinlarini joylashtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazib beriladi.
Ushbu yordam bilan bir vaqtda Yevropa Ittifoqi shoshilinch energetik qo‘llab-quvvatlashni ham oshirmoqda. Joriy haftada Ukrainaga kasalxonalar, boshpanalar va boshqa muhim obektlarni elektr bilan ta’minlashni tiklash uchun qiymati 3,7 mln yevro bo‘lgan 447 ta elektr generatori yetkazib berildi. YeK xabarnomasida aytilishicha, asosiy xizmatlarning uzluksiz ishlashini ta’minlashga ko‘maklashish uchun strategik zaxiralardan yana 500 ta generatorni joylashtirish (taqsimlash) ishlari hozir amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, Yevropa komissiyasi Yevropa investitsiya banki (YeIB) bilan hamkorlikda Ukraina davlat energetika kompaniyasi “Naftogaz”ga qo‘shimcha 50 mln yevro o‘tkazdi. Alohida press-relizda: “Ukraine Facility dasturi doirasida ajratilgan ushbu qo‘shimcha kredit Yevropa tomonidan Ukraina energetikasidagi eng dolzarb ehtiyojlarga javob choralarini kuchaytiradi”, — deyilgan. Mablag‘lar qish faslida aholi, muhim obektlar va korxonalarni isitish hamda energiya bilan ta’minlashga yordam beradi.
YeK ma’lumotiga ko‘ra, 2025–2026 yillar qishi uchun Ukrainaga gazni shoshilinch xarid qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi ko‘magi umumiy hisobda 977 mln yevroni tashkil etadi. “Naftogaz” esa, o‘z navbatida, ushbu moliyalashtirishga teng summa ekvivalentini qayta tiklanuvchi energetika va dekarbonizatsiya loyihalariga qayta investitsiya qilish majburiyatini oladi.