Jahon | 13:21 / 31.01.2026
3340
5 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Rossiyaning “yashirin floti” tankerini qo‘yib yuboradi

Ilgari ushlangan Rossiyaning “yashirin floti”ga tegishli Grinch tankeri mamlakat qonunchiligi talablari sababli Fransiya hokimiyati tomonidan qo‘yib yuboriladi, deya ma’lum qildi Emmanuel Makron Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga.

Foto: REUTERS

Fransiya ilgari ushlangan Rossiyaning “yashirin floti”ga mansub Grinch neft tankerini milliy qonunchilikdagi talab va cheklovlar tufayli qo‘yib yuborishga majbur bo‘ladi. Bu haqda Volodimir Zelenskiy juma kuni, 30 yanvarda jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi. U buni bir kun oldin Emmanuel Makron bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatiga tayanib aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya prezidenti kelgusida ushlangan tankerlar hibsda qolishi uchun mamlakat qonunchiligiga o‘zgartish kiritishni boshlash niyati borligini bildirgan.

Shu bilan birga, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Fransiya harbiy-dengiz kuchlari tomonidan ushlangan tanker Rossiya bilan bog‘liq emas, deb aytganini RIA Novosti agentligi keltiradi. “Ekipaj, ma’lum bo‘lishicha, Hindiston fuqarolaridan iborat. Yukka kelsak, men uning kimga tegishli ekanini va egasi kimligini bilmayman. Demak, ushlangan kemaning mamlakatimiz bilan haqiqatan ham hech qanday bog‘liqligi yo‘q”, — degan u 30 yanvardagi brifingda.

Ayni paytda xalqaro dengiz huquqi ayrim maxsus holatlardan tashqari, xalqaro suvlarda fuqarolik kemalarini tortib olish (musodara)ga yo‘l qo‘ymaydi. Ukraina OAV eslatishicha, Yevropa davlatlari tomonidan Rossiyaning “soya floti” tankerlari ushlangan boshqa barcha holatlar ham bir muddatdan keyin kemalarni majburan qo‘yib yuborish bilan yakunlangan.

Yevropada “yashirin” tankerni musodara qilishning yagona ma’lum misoli bir yil oldin Germaniyada kuzatilgan: ekologik falokat xavfi sabab Eventin kemasi buksirlab olib ketilgan. Ammo hatto o‘sha holatda ham tankerning huquqiy taqdiri haligacha noaniq qolmoqda. Ilgarigi ushlashlar tajribasi shuni ko‘rsatdiki, davlatlarda neft tankerlarini portda saqlash xarajatlarini to‘lash bo‘yicha muammolar paydo bo‘ladi, shuningdek, ularning yuki va ekipaji bilan qanday yo‘l tutish haqida yechim umuman yo‘q.

Rossiyaning “yashirin floti” asosan eski kemalardan iborat bo‘lib, ular G‘arbning sug‘urta va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlaridan tashqarida ishlatiladi. Shu orqali Rossiya Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush boshlanganidan keyin joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tadi. Neft sotishdan tushgan daromadlar — jumladan Hindiston va Xitoy kabi davlatlarga arzonlashtirilgan narxlarda sotish orqali ham urushni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

22 yanvar kuni O‘rta Yer dengizida Grinch neft tankeri ushlanganidan keyin Emmanuel Makron operatsiya vaqtida Fransiyani bir qator ittifoqchilar, jumladan Buyuk Britaniya ham qo‘llab-quvvatlaganini aytgan. U shuningdek, kema xalqaro sanksiyalar ostida ekani va ehtimol “soxta bayroq” ostida suzib kelayotganini bildirgan.

Oradan olti kun o‘tib, Marsel prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, Rossiyaning “yashirin floti”ga daxldor bo‘lishi mumkin, degan gumon bilan ushlangan ushbu tankerga nisbatan Fransiya hokimiyati ma’muriy hibs joriy etgan. Tanker kapitani — 58 yoshli Hindiston fuqarosi avval Fransiya hokimiyati tomonidan qo‘lga olingan, biroq keyinroq ozod qilingan va qaytadan kemaga qaytgan.

Fransiyaning BFMTV telekanali xabar qilishicha, Grinch tankeri Murmanskdan yo‘lga chiqqan va Komor orollarining “soxta bayrog‘i” ostida harakatlangan. Ushlanganidan keyin kema Marseille-Fos portiga yo‘naltirilgan. BFMTV, shuningdek, Grinch Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganini, shuningdek Yevropa ittifoqi va AQSh sanksiyalari ostida ekanini, ammo ularning “qora ro‘yxati”da boshqa nomlar bilan qayd etilganini ham ko‘rsatadi. Kema asosan neft mahsulotlarini Xitoy va Hindistonga eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid